Aytaylik, rahbar uchun kichik tuyulgan muammo murojaat bilan kelgan fuqaro uchun “hayot-mamot” masalasi boʻlishi mumkin. Har bir insonning ishi, turmushida oʻziga yarasha muammolari bor. Uni hamjihatlikda samarali hal etish talab etiladi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, har bir hokim hududidagi, vazirlar esa tarmogʻidagi imkoniyat va xavflarni oldindan koʻra bilib, proaktiv, yaʼni topshiriq kutmasdan, oʻzi tashabbus koʻrsatib ishlashga oʻtishi shart. Eng muhimi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, ular soʻrayotgan masalalarni tezda hal qilib berish rahbarlarning asosiy vazifasi boʻlishi zarur. Haqiqatan, oʻz ishiga chin dildan yondashgan har qanday rahbar hududidagi muammolarni yuqoridan topshiriq kutib oʻtirmasdan bartaraf etish yoʻllarini qidirishi kerak.
Tahlilimiz boʻyicha soʻnggi paytlarda murojaat qiluvchilar soni bir oz kamaydi. Demak, insonlarning yaxshi, hayotdan rozi boʻlib yashashida hissamiz bor.
Imkoniyat oʻz-oʻzidan yaratilmaydi
Nukus — yangi imkoniyatlar, yangi brendlar, yangi ish oʻrinlari, zamonaviy tibbiyot va taʼlim maskanlari moʻl shahar. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, xalqaro hamkorlik dasturlari, ijtimoiy obyektlar qurilishi — bularning barchasi inson qadrini yuksaltirish, uning hayotini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Shu maʼnoda, Nukusni Qoraqalpogʻistondagi islohotlar markazi, transformatsiya va taraqqiyotning real ifodasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Albatta, har bir islohot zamirida inson qadri turadi. Inson qadri esa, avvalo, uning shaxsiy uyiga, oʻz boshpanasiga ega boʻlishi bilan oʻlchanadi. Shuning uchun ham uy-joy masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Nukus shahrida 3389 kvartirali 63 ta koʻp qavatli turar joy qurilishi koʻzda tutilgan. Shu kungacha shahardagi Qumbiz ovul va Gulzor mahallalarida 84 xonadonli 2 ta uy foydalanishga topshirildi. Endi esa eʼtibor Nukus — Chimboy guzari atrofiga qaratilmoqda.
Qurilish ishlariga xalqaro investorlar, jumladan, Xitoy kompaniyalari ham jalb etilgan. Ular ishtirokida 10 ta uy-joy qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunda 5 ta obyektda ish qizgʻin kechmoqda.
Shu bilan birga, aholi uy-joylari holatini yaxshilash, eskirgan binolarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlari ham keng koʻlamda amalga oshirilmoqda. Nukus shahrida 2926 ta uy-joy taʼmirlash maqsadida qamrab olingan. Shundan shu kungacha 824 ta uy taʼmirlanib berildi, 448 tasining tomiga yangi shifer qoplamalar oʻrnatildi. 32 ta turar joy esa butunlay qayta qurildi.
Nukus shahrida qurilish obyektlari soni ortib borayotgan bugungi sharoitda ularni sifatli materiallar bilan taʼminlash masalasi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Endi bu talabni chetdan emas, balki mahalliy imkoniyatlar hisobidan qondirish mumkin.
Masalan, qurilish sanoati uchun strategik ahamiyatga ega yangi korxona — bazalt xomashyosi asosida issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqaruvchi zavod ish boshladi. Loyiha doirasida yiliga 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Ushbu sanoat maydoni uchun 677 milliard soʻmdan ziyod investitsiya kiritildi. Bazalt asosidagi materiallar issiqlikni yaxshi saqlashi, ekologik tozaligi va barqarorligi bilan ahamiyatli. Shu bois, ular nafaqat uy-joylar, balki yirik sanoat obyektlari qurilishida ham keng qoʻllanilishi kutilmoqda. Natijada 300 ta ish oʻrni yaratildi va iyul oyidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar Ozarbayjonga eksport qilina boshladi.
Qoraqalpogʻiston quyoshli kunlarining koʻpligi bilan toza energiya ishlab chiqarish uchun qulay hudud. Endi bu afzallik ishlab chiqarishga aylanmoqda. Nukus shahrida quyosh panellari ishlab chiqaruvchi birinchi zavod — “Nukus elektroapparat” qoʻshma korxonasi yiliga 150 megavatt quvvatga ega boʻlgan panellar ishlab chiqarmoqda. Ishlab chiqarish Xitoy uskunalari va Janubiy Koreya texnologiyasi asosida tashkil etilgan. Ayni paytda 30 dan ortiq mutaxassis ish-lamoqda. Yaqin kelajakda ular soni 150 taga yetadi. Eʼtiborlisi, quyosh panellari ishlab chiqarish Oʻzbekistonda birinchi boʻlib Qoraqalpogʻistonda yoʻlga qoʻyilmoqda.
Yirik biznes va turizm maskani
Nukus endi nafaqat maʼmuriy va madaniy markaz, balki yirik biznes va turizm maskaniga aylanyapti. Birgina misol, shahrimiz markazida qurilishi boshlangan zamonaviy kongress-xoll majmuasi 78 million dollarlik investitsiya asosida barpo etilmoqda. Ushbu loyiha nafaqat zamonaviy arxitektura, balki shahar infratuzilmasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqadigan gʻoyalardan biri hisoblanadi.
Shahrimizda xizmat koʻrsatish sohasini yangi bosqichga olib chiqadigan yana bir yirik loyiha — “Karakalpak Palace Premium” mehmonxonasi qurilishi boshlandi. Bu Qoraqalpogʻistondagi ilk besh yulduzli mehmonxona boʻlib, u nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xalqaro sayyohlar va investorlar uchun ham yuqori darajadagi servisni taqdim etadi.
Yirik servis loyihalaridan yana biri “Eko bozor” majmuasidir. 3 gektar maydonda barpo etilgan ushbu bozorda 148 ta savdo oʻrni tashkil etilishi belgilangan boʻlib, 130 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Unda 225 nafar fuqaro doimiy va mavsumiy ish bilan taʼminlanishi koʻzda tutilgan.
“Long Water” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 1,5 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorij investitsiyasi hisobidan “Shilpiq” brendi loyihasi amalga oshirilib, bozorlar qadoqlangan sifatli suv bilan taʼminlanmoqda. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida 50 ga yaqin ish oʻrni yaratildi.
Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda ilgari boʻlmagan yoʻnalishlar ham paydo boʻlmoqda. Masalan, ilk bor Nukus shahrida zamonaviy standartlarga javob beradigan “Monte”
muzqaymoqlari ishlab chiqarish korxonasi yoʻlga qoʻyildi. “Yuventa Nukus” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha asosida bozorlarni sifatli sut mahsulotlari bilan taʼminlanishiga erishildi.
Yuragimizga yaqin mavzu
Yoshlar mavzusi yuragimga yaqin. Negaki ular yurt kelajagi. Tashabbus va gʻoyalarga boy bugungi avlod vakillari. Shu bois, ular bilan suhbatlashib, fikrlari bilan qiziqaman.
Prezidentimiz eʼtibori va jonkuyarligi tufayli, ayniqsa, qoraqalpogʻistonlik yoshlar oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishidagi qoʻshimcha kvotalar, “Yoshlar daftari”dagi talabalarga kontrakt pullarining toʻlab berilishi moʻjiza...
Ha, hozirgi vaqtda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan yangiliklarning nafaqat guvohi, balki ishtirokchisi boʻlmoqdamiz. Har qadamda qurilish va obodonlashtirish ishlari avj olgan. Masalan, Nukus shahrida Taʼlimni baholash agentligining 1000 oʻrinli yangi binosi foydalanishga topshirildi. 18,3 milliard soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan ushbu binoda abituriyentlar uchun milliy va xalqaro test sinovlarini yuqori standartlarda tashkil etish imkoniyati bor.
Shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasida yetuk kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Nukus filiali ham ish boshladi. 61 milliard soʻm-lik davlat investitsiyasi hisobiga barpo etilgan ushbu taʼlim maskanida AT sohasi boʻyicha chuqur bilim berish uchun barcha sharoitlar mavjud.
Prezidentimiz tashabbusi va topshiriqlari asosida Qoraqalpogʻistonda sport sohasini rivojlantirish, yoshlar uchun zamonaviy sharoit yaratish yoʻlida amaliy ishlar qilinmoqda. Jumladan, umumiy qiymati 13 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ asosida kurash mahorati maktabi qurilishi olib borilyapti. Maktab tarkibida 150 oʻrinli yotoqxona, standart sport zali, stadion va oshxona boʻladi. Bugungi kunda ushbu qurilishning 94 foizi yakunlangan. Shuningdek, 79,8 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan gimnastika markazi qurilishi boshlangan. Loyiha Prezident qarori asosida amalga oshirilmoqda. Foydalanishga topshirilgandan keyin gimnastika sport turlarini rivojlantirishda ulkan ahamiyatga ega inshoot boʻlishi kutilmoqda.
Yaqinda esa boks mahorati maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi. 3,1 milliard soʻm investitsiya asosida qurilgan bino yosh sportchilar uchun zamonaviy imkoniyatga ega.
Mamlakatimizda yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarish, ularni sogʻlom va barkamol etib tarbiyalashga qaratilgan islohotlar qatorida aholi salomatligini mustahkamlash ham ustuvor yoʻnalishga aylanmoqda.
Oʻziga xos madaniy inshoot
Shahar markazida qad rostlagan ochiq amfiteatr nafaqat yangi infratuzilma loyihasi sanaladi, balki nukusliklar, xususan, yoshlar uchun madaniy va ijtimoiy faollikning yangi maskaniga aylanmoqda. Bu yerda konsertlar, teatr tomoshalari, ochiq muloqotlar, bayram tadbirlarini oʻtkazish mumkinligi esa shahar aholisi uchun yana bir zamonaviy imkoniyat hisoblanadi.
Buni yaqqol isbotlaydigan misollardan biri Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida qad rostlagan, dunyodagi eng katta qora uy (oʻtov) hisoblanadi. 40,5 metr diametr va 22 metr balandlikka ega ushbu ulkan inshoot 2024-yil 22-avgust kuni Ginnessning rekordlar kitobiga rasman kiritildi. Bu nafaqat Qoraqalpogʻiston, balki butun Oʻzbekistonning madaniy salohiyati va meʼmoriy imkoniyatlarini dunyoga tanitgan voqea boʻldi deyish mumkin.
Xalq uchun, kelajak uchun
Nukusda amalga oshirilayotgan har bir loyiha bu — xalq uchun, uning kelajagi uchun. Bu davlat rahbarining mamlakatimiz taraqqiyotiga, odamlar hayotiga qaratayotgan eʼtiborining amaldagi ifodasi. Ayniqsa, shahar koʻchalarida zamonaviy binolar, koʻp qavatli uylar qurilib, koʻzni quvontiradigan darajada oʻzgarishlarga yuz burmoqda. Shahar aholisi soni ham yildan yilga koʻpayib, davlatimiz rahbarining taʼrifi bilan aytganda Oʻzbekistonning ikkinchi poytaxti kundan kunga chiroy ochib, kengayib boryapti. Bugungi kunda shahrimizda 350 mingdan ziyod aholi 71 ta mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiladi.
Barcha masalalar asta-sekinlik bilan, bosqichma-bosqich yechim topyapti. Shahrimizning deyarli barcha koʻchalariga asfalt yotqizilmoqda. Ilgari asfalt yoʻllar masalasi 10-15 yillar davomida toʻliq hal etilmay qolar edi. Oʻsha yechilmasdan qolgan shahrimizdagi yoʻl masalasidagi muammolar soʻnggi yillarda barham topyapti.
Bundan tashqari, hududiy dastur doirasida 2025-yilda jami qiymati 2,3 trillion soʻm boʻlgan 107 ta loyiha ishga tushirilishi va 2471 ta yangi ish oʻrnini yaratish rejalashtirilgan. Shundan bugungi kunda qiymati 806,3 milliard soʻm boʻlgan 48 ta loyiha ishga tushirildi va 561 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Bugungi kunda kambagʻallikdan chiqarilgan oilalar 585 ta, aholi soni 2052 nafar kishini tashkil etadi. 2025-yilning 1-yanvarigacha kambagʻal oilalar 6,6 ming oila, kambagʻallik darajasi 8,7 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilning 1-iyul holatiga koʻra kambagʻal oilalar 5,4 ming, kambagʻallik darajasi 6,1 foizni tashkil etdi.
Yurtimizda ota-bobolarimiz koʻrmagan bugungidek obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlaridan xalqimiz cheksiz minnatdor. Soʻnggi yillar ichida amalga oshirilgan oʻzgarishlar davlat rahbarining aholimizga, hududga boʻlgan eʼtibori va ishonchi natijasidir. Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xalq uchun yaratilayotgan qulayliklar va inson manfaatini yuksak qadrlash siyosati barcha sohalarda oʻz samarasini bermoqda.
Abatbay DANIYAROV,
Nukus shahar hokimi