Mazkur qonun loyihasining maqsadi nobank kredit tashkilotlarini tashkil etish, ularning faoliyat koʻrsatishi va faoliyatini tugatishini hamda mikromoliyalash faoliyatini amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qayd etilganidek, hozirgi kunga qadar nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish toʻgʻrisidagi yagona huquqiy hujjat boʻlmagan. Loyiha bilan mikromoliya tashkilotlariga, lombardlarga va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlariga, mikroqarz va mikrokredit berish boʻyicha mikromoliyalash faoliyatini amalga oshirish qismida – banklarga, nobank kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilari huquqlarini himoya qilish qismida – tovar isteʼmol kreditlarini beruvchi yoki lizing xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslarga, shuningdek, qonunchilikka muvofiq jismoniy shaxslarni kreditlashni amalga oshirishga ruxsat etilgan boshqa yuridik shaxslarga tatbiq etiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.