Ma'ruza Nagoya universiteti hamda O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Toshkent davlat texnika universiteti hamkorligida tashkil etildi. "LEDlar bilan dunyoni yoritish" mavzusidagi ushbu ma'ruzada talabalar, o'qituvchilar, soha vakillari ishtirok etdi.

 — Bugun yoshlarga professor Amano o'zining 14 yillik tajribasi, sohaga qanday kirib kelgani haqida gapirib berdi. Xususan, professor Nobel mukofoti laureati bo'lishiga sabab bo'lgan izlanishi yuzasidan ham atroflicha ma'lumot berdi, — dedi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferining milliy ofisi bosh direktori Olimjon To'ychiev, — Amano suhbat davomida olib borgan izlanishlarida  bir yarim ming marta muvaffaqiyatsizlikka uchragani, ammo shunda ham izlanishlarda davom etganini aytdi, bu yoshlarimizga ulkan motivatsiya bo'ladi.  

Ma'ruzada, shuningdek,  bugungi kun uchun dolzarb va qiziqarli bo'lgan masalalarga ham to'xtalib o'tildi. Xususan, elektromobillar borasida ham so'z yuritildi.  Hiroshi Amano hozirda mavjud elektromobillardan bir necha marotaba samarali yangi avlod  elektr mobillar ustida ish olib borayotganini aytdi. 

Tadbirda Nagoya universiteti prezidenti Seychi Matsuo o'z nutqi bilan ishtirok etib, bu kabi ma'ruzalar kelgusida ko'plab tashkil etilishi haqida aytib o'tdi. So'ngra Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin  Turobjonov mavzuning dolzarbligi xususida ma'lumot berib, bu kabi hamkorliklar ikki davlat o'rtasida istiqbolli loyihalarga poydevor bo'lishini ta'kidladi.

Professor Hiroshi Amano ma'ruzasi yoshlar tomonidan zo'r qiziqish bilan tinglandi. Tadbir so'ngida mavzu yuzasidan atroflicha fikr mulohazalar bildirildi. Nobel` mukofoti laureati yoshlarning ko'plab savollariga javob berdi.