Seminar davomida so‘nggi yillarda sohada qabul qilingan qonun hujjatlari mazmuni, amalga oshirilgan islohotlar haqida batafsil ma'lumotlar berildi, shuningdek ular faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar muhokama etildi.
So‘nggi 5 yil davomida fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ilgari surilgan 2 mingga yaqin ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 192 milliard so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy foydali dastur va loyihalarida band bo‘lgan fuqarolarning soni 10 000 nafardan ziyodni tashkil etadi.
20 dan ortiq vazirlik-idoralar hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida 100 ga yaqin ijtimoiy buyurtma loyihalari ishlab chiqildi va amalga oshirildi.
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi mablag‘lari hisobidan davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari hamkorligida 24,7 milliard so‘mlik 69 ta davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihalari bajarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan tasdiqlangan 2021 – 2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati kafolati kuchaytirilmoqda.
Adliya vazirligi va Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlangan Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining shaffoflik standarti haqida ma’lumot berildi va uni nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida joriy etish tavsiya etildi.
Shuningdek, davlat organlari va fuqarolik jamiyati instituti o‘rtasidagi hamkorlik, ijtimoiy sheriklik munosabatlari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbir davomida nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari tomonidan sohani yanada takomillashtirishga oid takliflar berildi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.