Nodavlat taʼlim tashkilotlari pedagoglariga ham attestatsiyadan oʻtib toifa olish huquqi beriladi

    Ta'lim 22 Sentabr 2021 1430

    Bu haqda AOKAda Taʼlim sifatini nazorati qilish inspeksiyasi mutasaddilari boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

    Qayd etilishicha, bir toifadan keyingi toifaga oʻtishdagi 5 yillik muddat cheklovi olib tashlanib, oʻqituvchilar endilikda har yili toifa sinovlarida ishtirok etishlari mumkin.

    Shuningdek, pedagoglarga uyda yoki ishxonada turib oʻzi elektron tizim orqali toʻgʻridan-toʻgʻri hujjat topshirish imkoniyati yaratildi.

    Oʻqituvchilardan talab qilinadigan hujjatlar soni 9 tadan 3 tagacha qisqarmoqda. Bunda, Taʼlim inspeksiyasi zarur hujjatlarni elektron axborot almashinuvi orqali boshqa vazirliklardan mustaqil oladi.

    15 yillik uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan oliy malaka toifali (bosh oʻqituvchi lavozimidagi) pedagog kadrlar, uch yoshgacha bolalari bor ayol oʻqituvchilar, pensionerlar hamda homilador ayollar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi.

    Pedagog kadrlarga ushbu qaror qabul qilingunga qadar berilgan attestatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi sertifikatlar oʻz kuchida qoladi hamda amaldagi malaka toifasini (lavozimini) tasdiqlashda va amal qilish muddati tugagunga qadar sertifikatda koʻrsatilgan malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha bazaviy tarif stavkalari asosida haq toʻlashda hisobga olinadi.