Mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini isloh qilish, yoshlarning ota-onasi, oilasidan uzoqqa ketmay oliy maʼlumotli boʻlishiga koʻmaklashish, oʻqitish tizimining ishlab chiqarish bilan uygʻunligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar qator salmoqli yangilanishlarga asos boʻlayotir.

Ilgari oliy taʼlimga qamrov juda oz boʻlib, yoshlarning oʻsib borayotgan ehtiyojiga javob berolmas edi. Shu tufayli koʻp-koʻp farzandlarimiz qoʻshni davlatlardagi OTMlarga borib oʻqishga majbur boʻlardi.

Mana shu haqqoniy talabni teran anglagan holda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim muassasalari soni keskin oshirildi. 2017-yilda OTMlar soni 80 taga ham yetmagan boʻlsa, hozir davlat va nodavlat OTMlarni qoʻshganda 200 tadan koʻproqni tashkil qiladi. Shuningdek, oliy taʼlim qamrovi ham 2016-yilda atigi 9 foiz boʻlgan boʻlsa, hozir 40 foiz atrofida. 2030-yilga borib bitiruvchilarning 50 foizini oliy taʼlim bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Ayniqsa, oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-shartnoma narxlarining aholi daromadiga mos tarzda belgilanayotgani, 2022-yildan boshlab ilk marta masofaviy taʼlim shakli joriy etilgani, sirtqi taʼlimda yoʻnalishlar oshayotgani talabalarga oʻqish bilan birga ishlash uchun yaxshi imkoniyat boʻldi.

Oliy taʼlimdagi ijobiy oʻzgarishlarda nodavlat OTMlar ulushi ham yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan, nodavlat OTMlar soni 20 barobar (2016-yilgi 4 tadan 2023-yilda 80 ta)dan ziyod oshdi. Nodavlat taʼlim shaklining yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlangani ham xususiy OTMlar va ularda taʼlim olayotgan yoshlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamladi. Shuningdek, xususiy universitetlarda oʻqib, oliy maʼlumotli boʻlishga qiziqish ortmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, taʼlim bozorida raqobatni oshirib, nodavlat OTMlarning sifatli taʼlim taklif qilishga intilishini kuchaytirmoqda.

Jumladan, oʻtgan yili Namangan shahrida faoliyat boshlagan “University of business and science” nodavlat oliy taʼlim muassasasi jamoasi ham oliy taʼlimga qamrovni oshirish, yoshlarga sifatli taʼlim berish yoʻlida muntazam izlanmoqda. Dastlab universitetga buxgalteriya va moliya, iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar boʻyicha), axborot tizimlari va texnologiyalari, boshlangʻich taʼlim, maktabgacha taʼlim, pedagogika va psixologiya, xorijiy til va adabiyot yoʻnalishlari boʻyicha abituriyentlar talabalikka qabul qilindi. Ayni paytda OTMda magistratura ixtisosligi boʻyicha yigit-qizlar ham oʻqimoqda. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari soni oshgan. Ayniqsa, kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim olish imkoniyati mavjudligi talabalarga ishlash uchun qulaylik yaratadi.

Bundan bir necha yil oldin xususiy universitetlarga hujjat topshirishdan avval abituriyentlarni “Diplomi Oʻzbekistonda tan olinadimi?” degan savol qiziqtirgan boʻlsa, bugun ularni qay darajada sifatli taʼlim berishi koʻproq oʻylantiryapti. Diplomga oid savollar kamayib, oʻqitish sifatiga doir savollar koʻpaygani yoshlarda xususiy taʼlimga ishonch ortayotganini koʻrsatadi.

“University of business and science”da rivojlangan davlatlardagi yetakchi universitetlar taʼlim jarayonida qoʻllaniladigan metodlardan foydalaniladi. Bundan maqsad talabalarga mamlakatimizning oʻzida chet eldagidan kam boʻlmagan zamonaviy va sifatli taʼlim berishdir.

Universitetda taʼlim jarayonida egallangan bilim va koʻnikmani keyinchalik ish jarayonida qoʻllay olishga alohida eʼtibor qaratiladi. Talabalarga malakali oʻqituvchilar dars oʻtadi. Zamonaviy kutubxona va AKT xonalari xizmat koʻrsatadi. Qolaversa, universitet yurtimizdagi boshqa OTMlar va viloyatlardagi tegishli boshqarmalar bilan amaliy tajriba almashish maqsadida hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

“University of business and science”da iqtidorli talabalarning ilmga intilishini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, kunduzgi taʼlim shaklida tahsil oluvchi talabalarning iqtidori, ilmiy salohiyati, madaniy-maʼrifiy va tashkiliy ishlardagi faolligini ragʻbatlantirish maqsadida bir semestr uchun grant berish amaliyoti joriy qilingan. Yaʼni grant yutgan talaba bir semestr davomida toʻlov-shartnoma summasidan ozod qilinadi. Yaqinda 10 nafar talaba aynan shu grantga sazovor boʻldi.

Universitet hududdagi ilmga ishtiyoqi kuchli yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga hamisha tayyor. Xususan, shunday loyihalardan biri maktab bitiruvchilari oʻrtasida yaqinda oʻtkazilgan, umumiy mukofot jamgʻarmasi 2 milliard soʻmlik fan olimpiadasi boʻldi. Ingliz tili, matematika, tarix, ona tili va adabiyot fanlaridan oʻtkazilgan olimpiada gʻoliblari “University of Business and science”ga grant kvotalari va noutbuklar bilan, oʻqituvchilari esa qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

“University of business and science” taʼlim sohasidagi islohotlarga xayrixoh sifatida uzoq yillar foydali taʼlim loyihalari tashabbuskori boʻlib, mehnat bozoriga sifatli va raqobatbardosh kadrlar tayyorlab berishga hissa qoʻshishga tayyor.

Islomjon OLIMJONOV,

“University of business and science”

nodavlat oliy taʼlim tashkiloti rektori