Taqdirlash marosimida  davlatimiz rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov, Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.

Nodirbek Abdusattorovga O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan  «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti, 2 xonali uy kaliti hamda 250 million so‘m pul mukofoti topshirildi.

Bundan tashqari, yosh chempionning murabbiylariga 100 million so‘mdan berildi.  Shuningdek, Varshavadagi jahon chempionatida blis yo‘nalishida ishtirok etib, sovrin uchun kurashgan Javohir Sindorovga 50 million so‘m, turnirda ishtirok etgan boshqa shaxmatchilar - Jahongir Vohidov va Shamsiddin Vohidovga ham pul mukofotlari  topshirildi.

Dekabr oyi oxirida Varshavada bo‘lib o‘tgan tezkor shaxmat (rapid) bo‘yicha jahon chempionatida 17 yoshli Nodirbek Abdusattorov g‘alaba qozonib, musobaqa tarixidagi eng yosh chempion  bo‘ldi.

Varshavada shaxmatning rapid yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida shohsupaning faxrli birinchi pog‘onasini egallagan o‘zbekistonlik yosh shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov sharafiga O‘zbekiston davlat madhiyasi yangradi. Unga chempionatning oltin medali va faxriy kubogi topshirildi.