Nogironligi boʻlgan shaxslar va tayanch harakatida muammolari boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy soha obyektlari, taʼlim muassasalariga borib kelishiga qulaylik yaratish maqsadida ijtimoiy ahamiyatga ega transport xizmati loyihasi ishga tushiriladi.
Bu boʻyicha Vazirlar Mahkamasining “Transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali koʻrish va harakatlanish bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun taʼlim olish sharoitlarini yaxshilash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan, ushbu xizmatni 2025-yil 1-apreldan Toshkent, Andijon va Samarqand shaharlarida pilot loyiha sifatida, 2025-yilning yakuniga qadar esa respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish belgilandi.
Loyiha doirasida transport xizmatlari:
- ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari, shu jumladan, ushbu muassasalardagi “Gʻamxoʻrlik” guruhlarida;
- umumtaʼlim maktablarining inklyuziv sinflarida;
- reabilitatsiya markaziga ega davlat koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchi koʻrish va harakatlanish bilan bogʻliq kasalliklarga chalingan bolalarga koʻrsatiladi.
Shuningdek, qaror bilan xizmatdan foydalanganlik uchun toʻlov va subsidiya tizimi ham joriy etilmoqda. Xususan:
- har bir yoʻlovchiga bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravaridan oshmaydigan miqdorda;
- Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kam taʼminlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoʻlovchilar uchun har bir qatnov toʻlovining 100 foizi;
- yuqorida koʻrsatilgan reyestrlarga kiritilmagan oilalardagi yoʻlovchilar uchun har bir qatnov toʻlovining 60 foizi subsidiya shaklida qoplanadi.
Subsidiya shaklidagi toʻlovlarni Agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.