Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ularning salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy-qoʻlab quvvatlash boʻyicha barcha imkoniyatlar hamda huquqiy kafolatlar yaratilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlab qoʻyilgan.

Ayniqsa soʻngi yillarda bu borada qabul qilingan bir qancha qonun, farmon va qarorlar orqali nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini taʼminlash yana-da kafolatlanmoqda. Xususan:

Oʻzbekiston Respublikasi “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan nogironligi boʻlgan shaxslarning qadr-qimmatini, ularning mustaqilligini, tanlash erkinligini hurmat qilish, nogironlik belgisiga koʻra kamsitilishga yoʻl qoʻymaslik, insonning huquq va erkinliklarini amalga oshirishdagi imkoniyatlar tengligi, nogironligi boʻlgan bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatini va oʻz individualligini saqlab qolish huquqini hurmat qilish, obyektlar va xizmatlarning qulayligi va nogironligi boʻlgan shaxslarni jamiyat va davlatning hayotiga jalb etish kabi nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari mustahkamlab qoʻyildi.

Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi.

Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan ochiq siyosat olib borilmoqda. Ayniqsa, soʻngi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.

Alohida taʼkidlash lozim-ki, Oʻzbekiston BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashiga koʻpchilik ovoz bilan tarixda birinchi marta uch yillik muddatga saylandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kengashning 46-sessiyasida birinchi marta ishtirok etdi va maʼruza qildi. Mazkur maʼruza xaqaro hamjamiyat tomonidan yuqori darajada baholandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi tashabbusi va takliflarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar Rejasi (“Yoʻl xaritasi”) maʼqullandi.

Mazkur yoʻl xaritada “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani” ratifikatsiya qilish masalasi koʻtarilgan boʻlib, hozirda bu borada masʼul idoralar tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Mazkur konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi orqali nogironligi boʻlgan shaxslarning jamiyatdagi oʻrni yana-da mustahkamlaniladi.

Pandemiyaga qaramasdan, Ombudsman inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda, Parlament qatori bir kun ham oʻz ishini toʻxtatgani yoʻq. 2020-yilda Ombudsman nomiga kelib tushgan har bir murojaat uning eʼtibordan chetda qolmadi.

Hisobot yilida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha Vakili (Ombudsman) manziliga nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bilan bogʻliq murojaatlar soni oʻsganligi kuzatilmoqda.

Hisobot yilida Ombudsmanga pandemiya sharoitida fuqarolarning malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi bilan bogʻliq 475 ta murojaat kelib tushdi.

Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslardan 100 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Shundan 50 dan ortigʻi nogironlik darajasini belgilash, 10 ga yaqini nogironlik darajasini qayta koʻrib chiqish, 40 ga yaqini turli imtiyozlardan foydalinish masalalari keltirib oʻtilgan.

Mazkur murojaatlar tahlil etilganda, Oʻzbekiston Respublikasi SSV TMEK xodimlari tomonidan nogironlik darajasini belgilashda turli qiyinchiliklarga sabab boʻlayotganligi hamda ularga imtiyozli bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatish masalalari bayon etilgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha Vakili (Ombudsman) tomonidan bu boradagi murojaatlarni oʻrganib chiqilishi natijasida, bir gruh nogironligi boʻlgan shaxslarga moddiy yordam ajratilishida, imtiyozli tarzda oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilinishida, jazoni ijro etish muassasida jazo mudatini oʻtayotgan mahkumlarga nogironlar aravachalari ajratib berilishiga koʻmak koʻrsatildi.

Masalan, nogironligi boʻlgan hamda 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan mahkum Q.O.ning va 13-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan mahkum T.B.ning nogironlar aravachalari yaroqsiz holga kelib qolganligi uchun yangi nogironlar aravachasi bilan taʼminlanishlarida amaliy yordam berildi.

Yoki, Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanidan II-guruh nogironi fuqaro N.X.ning Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha Vakili (Ombudsman) nomiga yozgan murojaati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda oʻrganib chiqildi. Oʻrganib chiqilishi natijasida, fuqaro N.X. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi PQ-4359-son qaroriga muvofiq, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti maʼmuriyati tomonidan ish faoliyatiga mos boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga qabul qilingan.

Yoki, 14-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini oʻtayotgan 2-guruh nogironi mahkum Z.A. “Ombudsman qutisi”ga chap oyogʻi uchun protez ajratilishida amaliy yordam soʻrab murojaat qoldirgan. Uning murojaati Sogʻliqni saqlash va Moliya vazirligining 2016-yil 17-maydagi 53/36-sonli Qoʻshma qarori bilan tasdiqlangan “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya texnik vositalari va kreslo-aravachalar bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga muvofiq koʻrib chiqilib, unga bir dona hassa, chap boldir protezi va protez uchun poyafzal hamda bir juft qoʻltiq tayoq topshirilgan.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsam, yurtimizda bu borada olib borilayotgan islohotlar nogironligi boʻlgan shaxslarnining huquqlarini tartibga solish, ular uchun jamiyat hayotining barcha jabhalarida kamsitilmasdan, jamiyatning boshqa aʼzolari bilan teng ravishda ishtirok etish uchun imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etishga asoslangan.

Jasur ISLOMOV,

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili

(ombudsman) kotibiyati sektor mudiri