Tadbirda taʼkidlanishicha, mamlakatda nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Ularning huquqlari himoyasi borasida koʻplab meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqilgan va amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Respublikamizda bugungi kunda 70 mingdan ziyod nogironligi boʻlgan shaxslar mavjudligini inobatga olsak, imkoniyati cheklangan yoki nogironligi boʻlgan shaxslar oʻzlariga tegishli boʻlgan huquqiy axborotlar bilan tanishishda biroz qiyinchilikka duch kelmoqda edi. Adliya vazirligi tomonidan manzilli targʻibot yoʻnalishida amaliy ishlar olib borilmoqda.

Taʼkidlanishicha, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻllaniladigan soliq imtiyozlari, qulay mehnat shartlari, ijtimoiy himoya masalalari, shu bilan birga ularning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari oʻz ifodasini topgangan ushbu toʻplam nogironligi boʻlgan shaxslarga oʻz huquqlarini oʻqib oʻrganishlariga yordam beradi. Hozircha 5000 nusxada chop etilgan mazkur toʻplamda shaxslarning huquqlariga oid 11 ta qonun hujjatlaridagi normalar jamlangan.Tadbirda toʻplam mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan taqdimot ham boʻlib oʻtdi.

Ushbu tayyorlangan toʻplamning yana bir afzallik tomoni shundaki, koʻzi ojiz va kitob varaqlashga imkoniyati boʻlmagan shaxslar uchun audio disklar ham qoʻshib tayyorlandi.

Taqdimot yakunida yangi toʻplam tadbir ishtirokchilariga hamda Oʻzbekiston Nogironlar jamiyatiga, Karlar jamiyatiga Oʻzbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasiga, Qandli diabet bilan kasallangan bemorlar va nogironlarning “Umid” xayriya Jamoat birlashmasiga, “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasiga va boshqa tashkilotlarga begʻaraz taqdim etilib, yetkazildi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi