Xususan, hozirgi davrda eskirgan “tibbiy” modeldan jahon standartlariga mos “ijtimoiy” modelga, tibbiy-mehnat ekspertiza tizimidan tibbiy-ijtimoiy ekspertiza tizimiga oʻtiladi. Joriy yilning oʻzida 120 ming nafar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar tibbiy-ijtimoiy xizmat bilan qamrab olinadi.
Respublika boʻyicha yagona boʻlgan nogironlikni belgilovchi tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tizimi tashkil etiladi. 18 yoshgacha boʻlganlarni “nogironligi boʻlgan bola”, deb xulosa beruvchi Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Nogironlik alomatlari yaqqol koʻrinib turgan, noxush klinik tashxisga ega fuqarolarga nogironlikni byurokratik toʻsiqlarsiz, qisqa muddatlarda belgilash tizimi joriy qilinadi.
Muhtoj fuqarolarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash boʻyicha yangi tizim joriy etiladi. Nogironligi boʻlgan shaxslar va ularni parvarishlash uchun maxsus harakatlanish vositalari, moslamalar, reabilitatsiyaning boshqa texnik vositalariga boʻlgan ehtiyoj tezkor aniqlanib, ularni ishlab chiqarishga buyurtma berishning samarali mexanizmlari yoʻlga qoʻyiladi. Nogironligi boʻlgan va boshqa muhtoj shaxslarga protez-ortopediya yordamini tashkil etish, vazirliklar, muassasalar va ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarish hajmini oshirish, ularni tayyorlash texnologiyalarini rivojlantirish, ularning yangi turlarini ishlab chiqarishga qaratilgan qator vazifalar bajariladi.
Yangi reabilitatsiya qilish va protezlash markazlari qurilib, ishga tushiriladi. Reabilitatsiya markazlarida ambulator-poliklinik boʻlimlarni tashkil qilish va buning natijasida ushbu markazlarda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olinadiganlar soni yiliga 160 ming nafargacha yetkaziladi.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi
axborot xizmati