Qarorga koʻra, 2025-yil 1-iyuldan fuqarolarga davlat pensiyalari va kompensatsiyalarni tayinlashning quyidagi soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
- fuqarolarga I yoki II guruh nogironligi belgilanganda pensiyalarni alohida murojaat talab etmasdan proaktiv shaklda tayinlash. Bunda fuqaroga proaktiv shaklda tayinlangan pensiyalarni rad qilish huquqi beriladi;
- koʻrish qobiliyati boʻyicha I guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga hamda yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan shaxslarga kompensatsiyalarni elektron maʼlumotlar almashinuvi asosida proaktiv shaklda tayinlash;
- nogironlik pensiyasi tayinlangandan soʻng kamida 1-yil ish stajiga ega boʻlganda fuqaroning pensiya miqdorini har 2-yilda proaktiv shaklda qayta hisoblash.
2025-yil 1-oktyabrdan davlat pensiya taʼminotiga oid hamda AT “Xalq banki” tomonidan pensiyalarni naqd pul shaklida toʻlash bilan bogʻliq xizmatlar fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) hamda ularning imzosini elektron shaklda olish orqali amalga oshiriladi.