Nomaʼlum havolaga kirib koʻrgan ayol plastigidagi ellik million soʻmidan ayrildi

    Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi 45 yoshli (ayol) S.A. IIOga murojaat qilib, bank kartasidagi 50 000 000 soʻm nomaʼlum shaxs tomonidan oʻzlashtirilganligini maʼlum qildi.

    Tezkor-qidiruv xizmati kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Nukus shahrida yashovchi 32 yoshli U.N. sodir etgani aniqlandi.

    Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan U.N. internet foydalanuvchilariga Telegram messenjeri orqali turli mazmundagi xabarlar (havolalar)ni joʻnatib, ularni qiziqtirib, bank kartalari maʼlumotlarini qoʻlga kiritish orqali kartalardagi pullarni oʻgʻirlab, qingʻir yoʻllar bilan boylik orttirib kelayotgani maʼlum boʻldi.

    Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, U.N.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

    Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5-yildan 8-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.