Bu haqda Ekologiya, Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.
Ekologiya vazirligi davlat inspektorlari tomonidan Chirchiq daryosida navbatdagi reyd tadbirlari olib borildi. Reyd davomida fuqaro M. D. daryo hududiga chiqindilar toʻkib, toʻgʻon hosil qilgani aniqlandi.
Fuqaro Ekologiya vazirligi davlat inspektorlari tomonidan bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, qurilish chiqindilarini oʻzboshimchalik bilan tashlab ketavergan.
Sudda M. D.ning toifalangan hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar rejimini buzib, noqonuniy chiqindixona tashkil qilganligi, hududga chiqindilarni maʼlum mablagʻ evaziga joylashtirib kelganligi oʻz isbotini topdi.
Fuqaro daryoga 126.433,70 m3 chiqindi tashlanganligi oqibatida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof-tabiiy muhitlarni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 202-sonli qaroriga asosan hisob-kitob natijalariga koʻra, davlat manfaatlariga 3 milliard 68 million 206 ming 171 soʻm miqdorda zarar yetkazgan.
Shuningdek, M. D. “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 22-moddasi hamda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunning 41-moddasini qoʻpol ravishda buzgan.
Sud Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 59, 61-moddalariga asosan huquqbuzarni 3-yil-u 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilib, undan davlat foydasiga 3 milliard 68 million 206 ming 171 soʻm zarar undirilishi belgilandi.
Ekologiya vazirligi har qanday huquqbuzarlik qatʼiy javobgarlikka sabab boʻlishini yana bir bor eslatib oʻtadi. Zero atrof-muhitni muhofaza qilish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir, bu borada barchamiz birdek masʼulmiz, — deyiladi xabarda.