Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalarini oʻrnatishni boshlash vazifasi qoʻyildi.

Yil yakuniga qadar 112 ta yirik sanoat korxonasi va barcha sement ishlab chiqaruvchilarda zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalari oʻrnatish va eskilarini almashtirish, havoga chang tashlash darajasi yuqori boʻlgan korxonalarda filtrlarni yangilash muhimligi taʼkidlandi.

Yirik qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbogʻ” yaratib, jami 10 million tup daraxt ekish tashkil etiladi.

Qurilish korxonalari ham ijtimoiy masʼuliyatni his qilgan holda, Toshkentda “yashil belbogʻlar” tashkil qilishi kerakligi taʼkidlandi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligiga viloyat hokimlari bilan birga “noqonuniy kesilgan har bir daraxt oʻrniga 100 ta koʻchat ekish” tizimini joriy qilish topshirildi.

Ohangarondagi 23 gektar va Yangiyoʻldagi 37 gektarda joylashgan sobiq chiqindi poligonlari hududida “yashil bogʻlar” tashkil qilish boshlanadi.

Suvga zararli tashlanmalarni oqizayotgan va oʻzidan zararli chiqindilarni koʻp chiqarayotgan korxonalar bilan ishlash boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.