Mamlakatimizga sifati kafolatlanmagan hamda xavflilik darajasi yuqori boʻlgan pirotexnika vositalarini noqonuniy olib kirish va saqlashga qarshi bojxona organlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda tizimli ravishda kurashmoqda.

Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbir davomida “Vodil-Oltiariq” yoʻnalishida harakatlanib kelgan fuqaro Z.M. boshqaruvidagi “Orlando” rusumli avtotransport vositasi Oltiariq tumani hududida toʻxtab turgan vaqtda belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

Natijada avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilganini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan umumiy qiymati 30 million soʻmlik 3 turdagi jami 384 dona pirotexnika vositasi borligi aniqlandi.

Shunga oʻxshash yana bir holat. Boshqarmaning kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi xodimlari DXX chegara qoʻshinlari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbir davomida Dangʻara tumanida yashovchi fuqaro A.I.ning yashash xonadoni belgilangan tartibda xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi.

Natijada xonadonda xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazilganini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmagan umumiy qiymati 20 million soʻmlik jami 105 600 dona “Treniya” nomli pirotexnika vositasi borligi aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati xabarida.