Birda ko'pirib toshadi, ba'zan esa sokin. Norin tumani mard va tanti dehqonlar, tashabbuskor tadbirkorlar, bilimga chanqoq yoshlar, har nedan hikmat izlaydigan ziyolilar maskani. Har qarich yeridan unumli foydalangan va yilda uch marta hosil olib, o'z tajribalarini ommalashtirgan ham aynan norinliklar. Xalq dostonlarida kuylangan qadamidan o't chaqnagan, tog'ni joyidan qo'zg'atgan yigitlar, aql-u zakovatda, husn-u latofatda yagona deb ta'riflangan suluv qizlar shu zaminda tug'ilib, kamolga yetmoqda, desak, aslo mubolag'a emas.

Istiqlol islohotlari tufayli kun sayin yashnayotgan, obod bo'lib borayotgan tuman taraqqiy etayotganining asosiy sababi norinliklarning mehnatkashligi, hamjihatligi, tashabbuslarga “labbay” deya javob berishi, saxovatligi-yu oqibatligidadir, deyish mumkin. Tumanda 57 ta mahallada 172,5 ming aholi istiqomat qiladi. Tojik, qirg'iz, rus, qoraqalpoq, tatar va boshqa millat vakillari o'zbeklar bilan ahil-inoq, quda-anda bo'lib yashamoqda. 45 ta maktab, 147 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti, 31 ta shifoxona faoliyat ko'rsatmoqda.

- Tumanimiz azaldan ilg'orlar safidan tushmagan. O'tgan yil yakuni bilan ko'p sohalarda yaxshi natijalarni qayd etdik, - deydi Norin tumani hokimi Jo'rabek Nurmatov. - Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 108 foiz, qishloq xo'jaligi mahsulotlari 104,5 foiz, pudrat ishlari 108,9 foiz, chakana savdo aylanmasi 111,2 foiz va jami xizmat hajmi 110,3 foizga bajarildi. Shuningdek, mahalliy byudjetning xarajatlar rejasi 154.8 mlrd. so'mni tashkil etib, amalda 159,9 mlrd. so'mga yoki 103 foizga moliyalashtirildi. Tuman mahalliy byudjetining xarajatlari muhim masalalarni hal etishga yo'naltirilmoqda.

Tumanda beshta kichik sanoat zonasi mavjud va ularda ishlar shiddat bilan ketayotganini e'tirof etish joiz. Misol uchun, “O'zbekiston” KSZda 37 mlrd. 400 mln. so'mlik 23 ta loyihada 532 nafar yangi ish o'rni yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish miqdori 3 mlrd. 500 mln. so'mlik mahsulotlar hisobiga yillik byudjetga 130 mln. so'm soliq tushumi rejalashtirilgan. Hozirda 25 mlrd. 600 mln. so'mlik 20 ta loyiha ishga tushirilib, 517 nafar yangi ish o'rni yaratilgan. “Yoshlar”, “Taraqqiyot”, “Porloq”, “Oq oltin” KSZlari 2021-yilda tashkil topgan.

“Katta Yaydoq” mahalla fuqarolar yig'ini hududidagi “Yoshlar” kichik sanoat zonasida trikotaj mahsulotlari, qurilish lakbo'yog'i, travertin qorishmalari tayyorlanadi. “Ettiqashqa” MFYdagi “Taraqqiyot” kichik sanoat zonasida 0,60 gektar maydonda 20 mlrd. 700 mln. so'mlik 10 ta loyiha joylashtirilgan. Loyihalar ijrosi natijasida 242 nafar yangi ish o'rni yuzaga keldi. 845 mln. so'mlik mahsulotlar evaziga yillik byudjetga 78 mln. so'm soliq tushumlari amalga oshiriladi. Bugungi kunda to'rtta kichik sanoat zonasida qurilishlar avjida.

Tumanda “Norinteks” MCHJ korxonasi ochilgach, 300 nafar kishi ishli bo'ldi. U yerda 7,5 ming tonna kalava ip ishlab chiqariladi. Mahallalarda esa tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash hudud aholisining ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, yo'lga qo'yilmoqda. Xususan, “Yuqori Cho'ja” mahallasida 1 ming 265 ta oilada salkam 5,5 ming nafar fuqaro yashaydi.

- Aholimiz daromadi asosan tomorqachilik va issiqxonachilikdan bo'lib, ko'chatchilik ancha rivojlangan. Bu yo'nalishni yanada kengaytirish harakatidamiz, - deydi “Yuqori Cho'ja” MFY raisi Abdulhamid Valixonov. - Mahallada lider tadbirkor Abdunosir Po'latovning “Oltin zamin” tomorqa xizmatiga tayanib, kooperatsiya tashkil etyapmiz. Bizda ishsiz odamning o'zi yo'q. 13 gektar yerni auksion orqali 130 nafar aholiga taqsimlab bermoqdamiz. Ularning faoliyati aynan shu kooperatsiya tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Faol tadbirkor Abdunosir aka aytishicha, tomorqa xizmati tasarrufidagi 1,2 gektar yerning 25 sotixiga rediska, 10 sotixiga kartoshka, 5 sotixiga sabzi, 60 sotixiga tarvuz ekilgan. 20 sotixli issiqxonaga 205 tup limon ekilgan bo'lib, orasiga sepilgan rediskadan ilk daromad olindi. 40 million so'mlik mahsulot bozorda sotildi. Rejalar baland, sovutgich ombor, parranda kompleksi, biogomus ishlab chiqarish majmui, baliqchilik xo'jaligi faoliyatini yaqinda ishga tushirisharkan. Bu loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun 1 milliard so'm sarflanyapti. “Yuqori Cho'ja” namunasi tumandagi boshqa mahallalarga ham joriy etilmoqda.

Norinning Katta Oqtovli qishlog'i aholi o'zining mirishkorligi bilan dovrug' qozongan.

- Har bir xonadon kamida 8-10 sotixli tomorqasiga ega. O'rtacha daromad 30-40 million so'mdan iborat, - deydi mahalla raisi Xanifa Teshaboeva. - Usta dehqonlarimiz esa tomorqachilik ortidan 300-400 million so'm mablag' jamg'arishadi. Barchasi ona erni sevish tufaylidir. Gulchilik viloyatimiz brendi sifatida shuhrat topdi. Bu borada katta oqtovliklarning maqtangulik hissalari alohida. Vodiy shahar va tumanlariga palma gullaridan yetishtirib berishmoqda. Boburjon Uraimjonovning gulchilik bilan shug'ullanayotganiga to'rt yil to'ldi. Uch sotixli issiqxonasidan 70-80 million so'm foyda ko'rmoqda. Mijozlar gullarni uyidan olib ketishadi.

Mahalla xonadonlarining aksariyatida issiqxona qad rostlagan. Ko'chatchilik orqali ham katta daromad topiladi. 428 ta xonadonning 175 tasida issiqxona bor. Norinliklar limon yetishtirish bo'yicha zo'r mahorat to'plagan. Tumandagi 81 ta fermer xo'jaligi hamda tomorqa yer egalari kooperatsiya usulida birlashgan. Tadbirkor Zuhriddin Hoshimov rahbarligidagi mazkur korxona 2017-yildan buyon meva-sabzavotlarni quritib-qayta ishlash va eksporti bilan mashg'ul.

“Boyovul” mahallasining o'sish “drayveri” barakaga boy limonchilikdir. Boyovulda bir yilda o'rtacha 2 mln. donaga yaqin limon ko'chatlari yetishtiriladi va qo'shni tumanlar, viloyatlarga ham yetkazib berilyapti. Mahallada joylashgan kasb-hunar kollejida “Valijon Mahmudov” nomidagi limonchilik maktabi ochildi. Valijon ota boshlagan an'anani hozirda uning o'g'li Jasurbek davom ettirmoqda, ayni paytda xonadonida 500 tup limon ko'chati parvarishlanyapti. 

Joriy yilda tadbirkorlar uchun 84 gektar tanlangan yer maydonida yirik issiqxonalar qurilishi ko'zda tutilgan. “O'zbekiston” kichik sanoat zonasida tadbirkor Qunduzxon Ibragimova 800 mln. so'mlik bank krediti ko'magida yengil sport kiyimlari, ya'ni futbolkalar tikiladigan “Norin Jasmina tekstil” MCHJ xususiy korxonasini tashkil etdi va 80 nafardan ortiq insonni haq to'lanadigan mehnat bilan band qildi.

Tadbirkor Sarvarjon Soliyev tashabbusi bilan 1 mlrd. so'm o'z mablag'iga bunyod etilgan “SOB SAR BREND” tikuvchilik korxonasida 25 nafar xodim xizmat qilmoqda. Erkaklar uchun mo'ljallangan trikotaj mahsulotlari mahalliy va qo'shni respublikalar bozorlariga jo'natilayotgani diqqatga sazovor. 2019-yilda foydalanishga topshirilgan “Haqqulobod profnastil invest” MCHJ barposiga kreditdan 50 mln. so'm, tadbirkor yonidan 200 mln. pul ajratib, Xitoydan zamonaviy uskunalar keltirib o'rnatildi. Korxona bugun mahalliy bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan to'ldirmoqda. 

- Norinlik yoshlarning ilm olish, kasb-hunar egallashga ishtiyoqi kuchli, - deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Nosirjon Hasanov. - Umumta'lim maktabi bitiruvchilarining oliy o'quv yurtlariga kirish ko'rsatkichlari yildan-yilga o'smoqda. O'tgan o'quv yilida 14-davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatidan jami 6 nafar o'quvchi muddatidan ilgari oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirib, talabalikni qo'lga kiritgandi. 1, 2, 3, 4, 14, 10, 27, 28, 40, 44-maktabning 36 nafar o'quvchisi Koreya va Rossiya davlatining xalqaro universitetlarida tahsil olish imtiyoziga ega bo'lishdi.

Tuman hokimi Jo'rabek Nurmatov iqtisodiy muvaffaqiyatning ustuvor omili sifatida tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish ekaniga jiddiy mas'uliyat bilan e'tibor qaratmoqda. Sektor rahbarlari xonadonma-xonadon yurib, muammolarni atroflicha o'rganib, bartaraf etish choralarini ko'rmoqda. Yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tashkil qilish hamda ularga g'oyalarni shakllantirish, biznes-rejalarni tuzish va tijoratlashtirish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznes harakatini qo'llab-quvvatlash tuman rahbarining qat'iy nazoratida.

Joriy yilda 500 ta tadbirkorlik subyekti ochilib, ular soni 2 ming 527 taga yetkaziladi. Banklar tomonidan ajratilayotgan kreditlar ikki barobarga oshirilib, ya'ni 175 mlrd. so'mni qayd etishi ta'minlanadi. Hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 266,7 mlrd. so'mlik 48 ta loyihani ishga tushirib, 336 ta yangi ish o'rni yaratish belgilangan. 4,1 mln. AQSH dollarlik tovar va xizmatlar eksportga chiqarilishi va bu ko'rsatkich yil yakuni bilan 71,3 foizga bajarilishi kutilmoqda. Jumladan, “Xinyuan” MCHJ xorijiy korxonasi mosh va dukkakli mahsulotlari eksportini ikki barobarga ko'tarib, eksport hajmi 5 mln. AQSH dollarini, qolaversa, uchta kichik eksportyor korxona ulushi bilan meva-sabzavot mahsulotlari eksporti 6,6 mln. AQSH dollarini tashkil etadi.

Ayni dam dalada va hovlida kuzgi yumushlar qizg'in pallada. Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish maqsadida mavjud 36 ming 86 ta xonadondagi 2 ming 212 gektar tomorqa yerining 863 gektariga to'qsonbosti, 305 gektariga ertaki va 1 ming 44 gektariga o'rtaki ekishga jadal kirishildi.

Xulosaki, norinliklarning buguni va ertasidan ko'ngli to'q, chunki dadil intilishlari, orzu-niyatlariga munosib ravishda, farovon umr kechirmoqda. Har jabhada namunali tuman ahli mudom yorug' yuz bilan tongni qarshilab, kunduzi halol ter to'kib, kechqurun o'z oilasi davrasiga ro'zg'ori uchun mablag'-u yaqinlariga muhabbat bilan qaytaversin.

Orifjon JO'RAYEV,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Nosirjon HASANOV olgan suratlar.

Mazkur tahliliy maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 2023-yil 18-sentyabr,

190-sonida “Orzu-niyatlarga munosib...” sarlavhasi ostida chop etildi.