Mazkur loyihaning umumiy qiymati 1 million dollar boʻlib, toʻligʻicha xorijiy investitsiya hisoblanadi. Rossiyalik investor bu yerda bolalar kiyimlari, erkaklar va ayollar xalati, shortik va futbolkalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻymoqchi.
Tayyorlangan mahsulotlar 100 foiz eksportga yoʻnaltiriladi va Rossiya, MDH mamlakatlari hamda Yevropa davlatlaridagi isteʼmolchilarga yuboriladi. Yillik quvvat esa 2 million dollarni tashkil etadi.
Mir Citi rahbari Fotima Mirsaidovaning aytishicha, korxona joriy yil oxirigacha faoliyatini boshlaydi va birinchi bosqichda 60 kishi ish bilan taʼminlanadi. Ikkinchi bosqichda bu koʻrsatkich 150, yakunda esa jami 200 ishchi-xodimga yetadi. Ular asosan mahalliy aholi, xususan, “temir daftar”ga kiritilgan oilalar vakillaridan iborat boʻlishi koʻzda tutilgan.
—Toʻliq xorijiy investitsiyalar hisobiga barpo etilayotgan bunday korxonalar chet ellik tadbirkorlarning mamlakatimiz, xususan, Namangan viloyatidagi biznes-muhitga ishonch bildirayotganidan dalolat beradi. Bu ishonchni oqlash va ular sarmoya kiritayotgan korxonalarning toʻla-toʻkis ishlab ketishiga koʻmaklashish kerak. Shunda ularning ortidan boshqa investorlar ham viloyatga kirib kelishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratgan boʻlamiz, — dedi viloyat hokimi.