Adliya vazirligi tomonidan norma ijodkorligi sohasida soʻnggi yillardagi islohotlar va xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
Qonunni yangi tahrirda qabul qilishga zarurat nima edi:
birinchidan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish va qabul qilish masalalari yagona qonun hujjati bilan tartibga solinmaganligi;
(bugungi kunda ushbu munosabatlar 10 dan ortiq turli qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solingan)
ikkinchidan, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmiga ega qonunlarni ishlab chiqishning aniq tartibi mavjud emasligi sohalarni asosan qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishiga olib kelganligi;
(bugungi kunda Qonunchilik milliy bazasida qonunlarning ulushi 5 foizga yaqinni tashkil etadi)
uchinchidan, “normativ-huquqiy hujjatlarni eksperiment tartibida qabul qilish”, “huquqni qoʻllash amaliyotini monitoring qilish”, “tartibga solish taʼsirini baholash” kabi zamonaviy norma ijodkorligi texnologiyalarining asoslari amalda boʻlgan qonunda belgilanmaganligi;
toʻrtinchidan, loyihalarni yuridik-texnik rasmiylashtirishning yagona tartibi mavjud emasligi ularni tayyorlashda turli amaliyot
va yondashuvlar shakllanishiga sabab boʻlayotgan edi.
(rasmiylashtirish 3 ta hujjatga koʻra 3 xil tartibda amalga oshiriladi)
Yangi qonunning oldingi qonundan bir qator afzallik jihatlari mavjud boʻlib, unda:
– qonunning asosiy tamoyillari belgilanmoqda;
(qonuniylik, oshkoralik, ilmiylik, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va kompleksliligi, barqarorligi va boshqalar)
– loyihalarni ishlab chiqishni rejalashtirish va tashabbus qilishning aniq tartibi, bosqichlari oʻrnatilmoqda;
(loyihalarni ishlab chiqish yarim yillik, yillik va 1 yildan ortiq muddatga rejalashtiriladi)
– “qonunchilik”, “qonunchilik hujjati” va “qonun hujjati” tushunchalari umumʼetirof etilgan mazmuni va norma ijodkorligi nazariyasiga muvofiq qoʻllanilishi taʼminlanmoqda;
(normativ-huquqiy hujjatlar qonunchilik hujjatlari boʻlib, ular Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligini tashkil etadi)
– qanday mazmundagi qonunlar konstitutsiyaviy qonunlar tarzida qabul qilinishi bayon etilmoqda;
(Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari)
– loyihalar jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilishi, loyiha boʻyicha kelib tushgan har bir taklif ishlab chiquvchi tomonidan majburiy koʻrib chiqilishi belgilanmoqda;
(loyihalarni muhokama qilish muddati 15 kalendar kundan kam boʻlmasligi lozim)
– qonunosti hujjatlarini tartibga solish doiralari aniq belgilanmoqda;
(qonunosti hujjatlarida qonun hujjatlari darajasida tartibga solinishi lozim boʻlgan masalalar boʻyicha normalar belgilanishiga yoʻl qoʻyilmaydi)
– loyihalar yuzasidan huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, lingvistik, ekologik, korrupsiyaga qarshi kabi ekspertizalar oʻtkazilishi nazarda tutilmoqda;
(ekspertizani oʻtkazish uchun xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan mutaxassislar jalb etilishi mumkinligi belgilanmoqda)
– loyihalarni vazirlik va idoralar tomonidan kelishishning aniq muddatlari belgilanmoqda;
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek Hukumat qarorlari 3 ish kunida, davlat organlari hujjatlari 5 ish kunida, qonunlar esa 7 ish kunida kelishilishi lozim)
– vazirlik va idoralar rahbarlarining loyihalarni sifatli
koʻrib chiqish hamda kelishish boʻyicha belgilangan muddatlarga rioya etishi boʻyicha masʼuliyati oshirilmoqda;
– normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy eksperiment tartibida qabul qilishning mexanizmlari ochib berilmoqda;
(normativ-huquqiy hujjat uning samaradorligini oʻrganish maqsadida muayyan hududda yoki shaxslar doirasi boʻyicha cheklagan holda qabul qilinadi)
– qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini ijrochilarga yetkazish, ularning ijrosi ustidan nazorat va monitoring olib borish, tartibga solish taʼsirini baholashning qonuniy asoslari belgilanmoqda;
– Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti tasdiqlanmoqda.
Yangi qonun qabul qilinishi orqali huquqiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgan davrda norma ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini tashkil etishga yoʻnaltirilgan, norma ijodkorligi faoliyatiga taalluqli boʻlgan barcha oʻzgartirishlarni, shu jumladan qonunlarning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmi qonun darajasida mustahkamlandi, deb xabar beradi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.