Noyabr oyida 1 614 ta isteʼmolchi tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan

    Buning oqibatida davlat manfaatlariga jami 160,6 mlrd soʻm zarar yetkazilgan.

    Joriy yil noyabr oyida 1 614 ta isteʼmolchi tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy va qoidabuzarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Oʻzenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navroʻz Norboboyev maʼlum qildi.

    Unga koʻra 24,1 mln metr kub tabiiy gaz (70,1 mlrd soʻm) va 38,6 mln kilovatt-soat elektr energiyasidan (90,4 mlrd soʻm) noqonuniy foydalanilishi natijasida davlat manfaatlariga jami 160,6 mlrd soʻm zarar yetkazilganligi maʼlum boʻldi.

    Isteʼmolchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar boʻyicha 876 ta maʼmuriy ish rasmiylashtirildi.

    Xususan, oʻtkazilgan nazorat tabirlarida aniqlangan holatlarning 547 tasi elektr energiyasi, 329 tasi esa tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.

    Isteʼmolchilarni elektr energiyasidan behuda, yaʼni kunning yorugʻ davrlarida yoritish chiroqlaridan foydanish kabi 5 960 ta holati aniqlandi. Shundan 1 ming 24 ta holatda maʼmuriy huquqbuzarlikka yoʻl qoʻygan isteʼmolchining mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 6 ta korxonaga nisbatan moliyaviy sanksiya qoʻllanildi.

    Energetika xavfsizligi oyi davomida 466 ta energiya isteʼmoli yuqori boʻlgan tashkilot va korxonalarda tashkiliy texnik tadbirlarni tashkil etildi hamda 248 ta isteʼmolchilarga suyultirilgan gazni yetkazib berish holatlarni oʻrganildi.