Bor-yoʻgʻi yetti santimetrlik kichik kesma orqali kam invaziv usulda va ogʻir jarohatlarsiz 72 yoshli bemorning aorta klapani almashtirildi.
Biroq bu galgi operatsiyaning noyobligi bunda emas! Chunki kam invaziv muolaja — tibbiyotda allaqachon keng ommalashayotgan usul. Aorta klapanini almashtirish amaliyoti ham kardioxirurgiyada koʻp yillardan beri mavjud.
Xoʻsh, unda yangilik nimada?
Birinchi yangilik — bemorning aortasiga oʻrnatilgan moslamada! Uni “kelajak avlod klapani” yoki “chok tikilmaydigan klapan” (aortaga tikilmaydi!) deb atash mumkin. Ushbu moslama organizmda 10-15 yil benuqson ishlaydi. Asoratlari esa juda kam.
Ikkinchi yangilik — mazkur klapanni oʻrnatish uchun anʼanaviy operatsiyadagi singari tanani ochib, 1,5-2 soat davomida yurakni toʻxtatib qoʻyish shart emas. Bu jarayon uchun atigi 10-15 daqiqa kifoya.
Uchinchi yangilik — operatsiyadan bir kun oʻtiboq bemor bemalol yura oladi. Jarohatlar bitishi uchun juda kam vaqt talab etiladi. “Yonboshlamang”, “Qimirlash mumkin emas”, “Oʻzingizni zoʻriqtirmang”, degan taqiqlar boʻlmaydi. Bemor avvalgidek “suyagim bitsin” deb oylab korset taqishi ham shart emas. Qisqa qilib aytganda, reabilitatsiya jarayoni tez va oson kechadi.
Nihoyat toʻrtinchi va muhim yangilik — bunday murakkab va noyob operatsiyalarni oʻtkazishga barcha kardioxirurglar ham jazm eta olmaydi. Yuksak bilim va salohiyat hamda koʻp yillik tajriba bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Shu bois ushbu yuqori texnologik amaliyotga Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan malakali kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor hamyurtimiz Rustam Yorbekov boshchilik qildi.
Rustam akaning qayd etishicha, u mamlakatimizdagi faoliyati davomida 4,5 mingdan ziyod operatsiyalarda ishtirok etdi. Ammo ulardan 28 tasi Oʻzbekistonda ilk bor bajarilgan noyob amaliyotlardir.
Bugungi operatsiya ham Oʻzbekistonda hali ommalashib ulgurgani yoʻq. Biroq shifokor-olim yaqin yillarda “kelajak avlod klapanlari” yurtimizda minglab bemorlarning umriga umr qoʻshishiga ishonadi.
— Avvallari mamlakatimizda bunday insonlar hayotini saqlab qolishning imkoni boʻlmagan, — deydi R. Yarbekov. — Qolaversa, dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalarida ham bu singari operatsiyalar har doim muvaffaqiyatli oʻtkazilmagan. Endi esa Oʻzbekiston tibbiyoti yangi bosqichga koʻtarilishi, xususan, kardioxirurgiya sohasiga ilm-fanning soʻnggi yutuqlari keng tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni uzoq yoʻl bosib, katta mablagʻ sarflab xorijiy mamlakatlarda davolanish tashvishidan xalos etdi.
Hozir tibbiyot muassasalarimizning moddiy-texnik imkoniyatlari bir necha oʻn barobar oshgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yuqori texnologik operatsiyalar nafaqat Toshkent, balki viloyatlar va hatto tuman markazlarida ham muvaffaqiyatli bajarilyapti. Xorijda yoʻlga qoʻyilgan ilgʻor muolaja usullari qisqa muddatda mamlakatimizda ham tatbiq etilmoqda.
Bugungi amaliyotga kelsak, bemorimizning yoshi katta, qolaversa, xastaligi ogʻir bosqichga oʻtgan edi. Klinikamizga murojaat qilganidan soʻng, unga degenerativ yurak kasalligi, aorta klapanining stenozi 2-3 darajasi, aorta klapani yetishmovchiligining 2-darajasi hamda mitral yetishmovchiligining 1,5-darajasi tashxisi qoʻyildi.
Shundan soʻng hamkasblarimiz bilan maslahatlashib, mazkur murakkab operatsiyani oʻtkazishga qaror qildik. Hozir uning ahvoli yaxshi.
Uzoq yillik xavfli xastalikdan sanoqli daqiqalar ichida xalos boʻlgan toshkentlik Mavluda ayani suhbatga tortdik.
— Sakkiz-toʻqqiz yildirki, yuqori qon bosimidan aziyat chekaman, — deydi onaxon. — Uch yil avval qandli diabet kasalligi ham paydo boʻldi. Tez-tez muolaja olib turaman. Ammo ahvolim borgan sari ogʻirlashayotgan edi. Soʻnggi oylarda ellik qadam yursam ham, nafasim siqadigan boʻlib qoldi. Yurak sohamda ogʻriqlar kuchaydi.
Tanishlarim “Germaniya, Turkiya, Hindistonda yaxshi shifoxonalar bor, oʻsha yerda operatsiya qilishadi” deyishdi. Lekin narxi juda qimmat ekan. Soʻrab-surishtirsak, hozir deyarli hech bir yurtdoshimiz yurak-qon tomir amaliyotlari uchun chet elga davolanishga bormayotgan ekan. Barcha murakkab operatsiyalarni oʻzimizning shifokorlar muvaffaqiyatli oʻtkazayotganini eshitib, xursand boʻldim.
Doʻxtir ukamiz Rustamjon baraka topsin, qoʻli yengil shifokor ekan. Mana, koʻrib turganingizdek, operatsiyadan keyin oʻzimni tetik his qilyapman. Bir necha kunda butunlay sogʻaygach, uyga ruxsat ham berisharkan...