Nukus shahridagi koʻzi ojizlar maxsus kutubxonasida 530,4 mln soʻmlik byudjet mablagʻlari talon-toroj qilindi

    Achinarlisi, kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta “brayl” printeri uchun 90 mln soʻm va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln soʻm mablagʻ ham oʻzlashtirib yuborilgan.

    Bosh prokuror oʻrinbosari Sh.Toʻxtaboyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻistonda nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning taʼlim olishi uchun yaratilgan sharoitlar ahvoli oʻrganildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

    Taʼkidlanishicha, ushbu maxsus kutubxona maʼmuriy binosini yangidan qurish va jihozlash boʻyicha amalga oshirilgan qiymati 10,4 mlrd soʻmlik pudrat ishlari oʻrganilib, jami 530,4 mln soʻmlik ishlar haqiqatda bajarilmagan boʻlsada, hisobotlarga qoʻshib yozish yoʻli bilan byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingani aniqlandi.

    Achinarlisi, kutubxonani jihozlash maqsadida ajratilgan 2 ta “brayl” printeri uchun 90 mln. soʻm va 1 ta ovoz yozish studiyasi uchun 50 mln soʻm mablagʻlar ham oʻzlashtirib yuborilgani oqibatida koʻrish qobiliyatida nuqsoni bor shaxslarni qoraqalpoq tilida zarur adabiyot va audio materiallar bilan taʼminlash imkoni cheklangan.

    Mazkur holat yuzasidan JKning 167-moddasi (Oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi hamda 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Hozirda tergov harakatlari olib borilib, yetkazilgan zararni qoplash choralari koʻrilmoqda.