Tadbirda fuqarolar R.D. va A.A.lar oʻzaro til biriktirib, fuqaro A.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari orqali Nukus shahar, “Jana bazar” OFY hududida joylashgan 0,5 gektar boʻsh yer maydonini olib berish va uning nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, evaziga 47 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Olmazor tuman boʻlimi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan fuqaro O.R. oʻziga tegishli xulosa chiqarmasdan boshqa bir fuqaro F.ning ishonchiga kirib, unga Yunusobod tumani, “Xasanboy” MFYdan 6 sotix boʻsh yer maydonini kadastr boʻlimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib olib berish evaziga 14 000 AQSH dollarini qoʻlga kiritib, oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.

Shuningdek, Buxoro shahar boʻlimi tomonidan viloyat IIB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro N.G. boshqa bir fuqaro B.ning ishonchiga kirib, unga “M.Tarobiy” MFY  hududida joylashgan zaxiradagi 4 sotix yer maydonini goʻyoki kadastr boʻlimida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib olib berishni vaʼda qilib, evaziga oldindan kelishilgan 9 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.