O‘zbekiston elchixonasidan ma’lum qilinishicha, mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari Panjob universiteti vitse-kansleri, professor Niyaz Ahmad Axtar bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida akademik sohadagi turli qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Bunda talaba va o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini hayotga tadbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralarda Panjob universiteti prorektori, professor Muhammad Salim Mazhar, universitetning Mintaqaviy integratsiya markazi direktori Faziya Xodi, universitetning katta o‘qituvchilari, shuningdek, Global va strategik tadqiqotlar markazi maslahat kengashining a’zosi Mansur Said ishtirok etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Panjob universitetining turli fakultetlarida, jumladan, Ta’lim tadqiqotlari instituti, Ma’muriy fanlar instituti, Biznes boshqaruvi instituti, Qishloq xo‘jaligi fanlari kafedrasi va Amaliy molekulyar biologiya markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Uchrashuvlar chog‘ida o‘zaro manfaat kasb etadigan turli loyihalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Panjob universitetining San’at va dizayn kolleji faoliyati bilan ham tanishdilar. O‘tkazilgan muzokaralarda mazkur kollej va Nukus Davlat pedagogika institutining San’at fakulteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan qiziqish bildirildi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.