Tamal toshi qoʻyish marosimida ekologiya sohasi faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Maʼlum qilinishicha, xitoylik investorlar tomonidan 80 million dollar investitsiya kiritilib, chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan mazkur zavod ishga tushiriladi. Loyiha doirasida yiliga 274 ming tonna qattiq maishiy chiqindilar qayta ishlanib, 80 ming megavatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ushbu va shu kabi loyihalar natijasida respublikada ilk bor chiqindilarni yigʻish, zararsizlantirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilishga ixtisoslashgan maxsus ekosanoat zonasini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Taʼkidlanishicha, bunday loyihalar ekologik muhitni yaxshilash, maishiy va ishlab chiqarish chiqindilarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish hamda aholi farovonligini oshirishga uzoq yillar davomida xizmat qiladi.