Nukusda yoyilgan harbiy dala oshxonalari aholiga xizmat qilmoqda

    10 ta harbiy dala oshxonasida kuniga 100 kilogacha palov damlanib, issiq choy va shirinliklar ulashilmoqda.

    Anomal sovuqda yurtdoshlarimizning holidan xabar olish, sovuq kunlarda ko‘chada va boshqa joylarda mehnat qilayotganlarga biroz bo‘lsa-da issiqlik taftini ulashish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganlarga yordam qo‘lini cho‘zish maqsadida davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan hududlarda harbiy dala oshxonalari yoyilib, aholiga xizmat qilishni boshladi.

    Jumladan, Nukus shahridagi “Ko‘sko‘l-1,3,4”, 21-kichik daha, “Chimboy guzari”, “Aydin jol”, “Anasoy”, “Qizilqum” va “Jeke terek” mahallalari, shuningdek, “Jayhun-uchquduq” ko‘chasida yoyilgan 10 ta harbiy dala oshxonasida kuniga 100 kilogacha palov damlanib, issiq choy va shirinliklar ulashilmoqda.

    O‘zbek va qoraqalpoq xalqiga xos bo‘lgan og‘izbirchilik, bag‘rikenglik, saxovatpeshalik kabi oliyjanob xislatlar, albatta, xalq boshiga og‘ir kunlar kelganda, yurtdoshlarimiz ahvoli og‘irlashganda yanayam ko‘proq bilinadi. Shu bois, mentalitetimizga xos bo‘lgan bu insoniy fazilatlar asrlar davomida saqlanib, ulug‘ qadriyatlar sifatida alohida qadrlanadi.

    Vatandoshlarimizning vujudini sovuq kunlarda iliqlik bilan to‘ldirishni maqsad qilgan Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari birdamlikda 10 ta harbiy dala oshxona punktlarini yoyib, ovqat yeyish va isinish uchun chodirlar, choy qaynatishga mo‘ljallangan dala oshxonasi hamda qozon-o‘choqlarni qisqa vaqtda o‘rnatib, tushlikka milliy taomimiz bo‘lmish palov tayyorlashdi.

    Nukus shahar hokimligi tomonidan taqdim etilgan masalliqlardan 10 ta qozonda tayyorlangan taomlar mahalla turg‘unlari, obodonlashtirish hamda boshqa tashkilot ishchilari, shuningdek, ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan yurtdoshlarimizga tortiq etildi.

    Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ruhlangan vatandoshlarimizning kayfiyati ko‘tarilgani “Xalq va armiya, bir tanu bir jon” degan ezgu g‘oyaning amaliy ifodasini yana bir bor namoyon etdi.

    Qishning sovuq kunlarida yurtdoshlarimizga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida tashkil etilgan ana shunday xayriya tadbirlari davom etadi, deya xabar bermoqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Мatbuot xizmati.