Bugun, 9-noyabr kuni poytaxtimiz Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yashil kelajak” umumrespublika marafoni tashkil etildi.
Keng miqyosda oʻtkazilgan ekologik tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlaridan 100 dan ziyod oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, professor-oʻqituvchilari, mutaxassis olimlar hamda faol talaba-yoshlaridan iborat 1500 dan ortiq odam ishtirok etdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Amanbay Oʻrinbayev soʻzga chiqib, umumrespublika marafoni ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi va Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar natijasida 2 million gektarga yaqin tuzli qumda yashil oʻrmonzorlar barpo etilganligi, bunday ezgu amallar yanada katta tashkilotchilik bilan davom etayotganligini taʼkidladi.
Soʻngra “Yashil kelajak” umumrespublika marafoniga start berildi. Ishtirokchilar Nukus shahridagi 8 gektar maydonda yaxshi niyatlar bilan mahalliy iqlim sharoitlariga mos daraxt koʻchatlarini ekib, “Ziyolilar bogʻi”ni barpo etdi.
Marafonda onlayn telekoʻprik orqali respublika oliy taʼlim muassasalari jamoalari ham ishtirok etib, tizimda “Yashil makon” umummilliy aksiyasi yuqori tashkilotchilik bilan boshlab yuborildi.
Madaniyat va sanʼat namoyandalari ijrosidagi konsert dasturi marafon ishtirokchilariga xush kayfiyat bagʻishladi.