Qayd etilganidek, hozir viloyatda 2,9 million aholi boʻlib, shundan 30 yoshgacha boʻlganlar 1,6 million (53 %) nafarni tashkil etadi.

Maʼlumki, avvallari davlat organlari va tashkilotlarida 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning ulushi kamligi (Toshkent viloyatida mavjud 9 ming 647 nafar davlat fuqarolik xizmatchilaridan 2 ming 628 nafari yaʼni 27,2 foizi yoshlar), yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb etish yuzasidan ishlarning tizimli ravishda tashkil etilmaganini koʻrsatdi. Yoshlar va davlat tashkilotlari rahbarlari orasida aloqa yoʻqligi, ushbu tashkilotlar faoliyatida ularning bevosita ishtirok eta olish imkoniyati rasmiyligicha qolayotgani kabi bir qator muammolar mavjud edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 30-iyunda Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida soʻzlagan nutqida istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida “Kelajak liderlari” klublari tashkil etilishi kerakligi alohida taʼkidlandi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi tomonidan oliy taʼlim muassasalari talabalari, davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan 21 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar uchun mazkur klubni tashkil etish boʻyicha tanlov eʼlon qilindi. Barcha hududlar qatori Toshkent viloyatida ham katta qiziqish bilan tashkil etilgan liderlar klubiga 40 nafar yigit-qiz saralab olindi. Ularining 30 nafari davlat xizmatchilari, 10 nafari talaba hisoblanadi.

Forumda klub aʼzolarining 90 kunlik ish faoliyati boʻyicha maxsus videorolik namoyish qilindi. Unda bevosita klub aʼzolarining joylardagi ishlab chiqarish, xalq xoʻjaligining turli tarmoqlari va davlat idoralaridagi faoliyati, ish yuritish tartibi bilan yaqindan tanishuvlari aks etgan.

Klub aʼzolari orasida Yangiyoʻl shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Mirzobek Xasanov har jabhada ijtimoiy faollik koʻrsatib, hudud yoshlariga oʻrnak boʻlyapti. Jumladan, “Yashil makon” umummilliy harakati doirasida tumanida Yoshlar bogʻi barpo etish, “Biznes marafon” loyihasi kabi koʻplab amaliy tadbirlarda tuman yoshlarini birlashtirishdan charchamaydi. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasida “Bir liderga bir kitob” shiori ostida #Kitobxon_lider_chellenji estafetasini ommalashtirish boʻyicha ishlar samarali boʻldi. Shu asosida klubning maxsus kutubxonasi tashkil etildi.

Joriy yil mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqealardan biri boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etdi. Xususan, saylovoldi tashviqoti davrida faol ish olib borgan 10-Toshkent viloyati okrug saylov komissiyasi tarkibida hududda saylov jarayonini yaxshi yoritish maqsadida Matbuot markazi tashkil etilgan edi. Matbuot markazi okrug saylov komissiyasining kalendar ish rejasi doirasida oʻzini media-reja ishlab chiqib, shu asosda faoliyat olib bordi. Unga “Kelajak liderlari” klubi aʼzosi A. Musayev rahbarlik qilib, samarali tarzda ish olib bordi.

Shuningdek, ayni paytda talaba boʻlishiga qaramay Oʻrta Chirchiq tumani, Nurafshon shahrining ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid mavzularini keng yorituvchi “Mashʼal” gazetasi muxbiri Otabek Isroilov ham koʻplab natijalarga erishdi. Xususan, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya va Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” respublika tanlovining Toshkent viloyati bosqichi “Adabiyot va publitsistika” yoʻnalishida Toshkent viloyati “Kelajak liderlari” klubi aʼzosi Otabek Isroilov turli mavzulardagi jurnalistik materiallari uchun birinchi oʻrinni egalladi.

Aslida barcha klub aʼzolari oʻzi faoliyat yuritayotgan va oʻqiyotgan yoʻnalishda juda koʻp yutuqlarga erishyapti.

Hozir klubda faollik koʻrsatgan aʼzolarga kredit-ball tizimida tegishli ballar qoʻyib borilyapti. Yosh liderlar ushbu ballarni klub tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlarga almashtirish imkoniyati bor. Bundan tashqari, klub aʼzolari bilim va tajribasini oshirish maqsadida chet tillarni boʻyicha bilimini oshirish, kompyuter dasturlarini oʻrganish maqsadida turli yoʻnalishlarda onlayn darslar oʻtilyapti.

Tadbirda yoshlarning turli startap loyihalari taqdimoti ham oʻtkazildi. Klub aʼzolarining faoliyat samaradorligini baholash natijalari boʻyicha eng faollarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Eldor Isayev,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Toshkent viloyati filiali bosh inspektori.