Bu haqda Toshkent viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar beradi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev, shahar jamoatchiligi va faollari, nuroniylar, qurilish mutasaddilari ishtirok etishdi.
Ezgu taomilga koʻra, dastlab jonliq soʻyilib, Qurʼon tilovat qilindi. Yurtga tinchlik va osoyishtalik, navqiron va muazzam shaharga obodlik, xalqimizga farovonlik tilab, duoi fotihalar qilindi.
Viloyat rahbari boshchiligida marosim ishtirokchilari bilan birgalikda yangi bogʻ chinakam obodlik va yashillik, fayz va tarovat maskaniga aylansin degan ezgu niyatda bu yerga ramziy maʼnoda ilk daraxt koʻchati oʻtqazildi.
Qayd etish joizki, shahardagi “Bizness city” hududida barpo etilayotgan mazkur bogʻda koʻngilochar parklar, amfiteatr, rassomlik mahorati ustaxonasi kabi 10 dan ortiq obyektlar bunyod etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, ushbu istirohat maskanining katta qismi mevali va manzarali daraxtzor va bogʻlar bilan yanada fusunkorlik kasb etadi.