Kecha Nurafshon shahri “Nurafshon Business City” hududida Zulfiya Zokirova va uning kelinlari sharafiga oʻrnatilgan “Matonat madhiyasi” majmuining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda respublika va viloyat faollari, nuroniylar, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Dastlab, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev soʻzga chiqib, barcha urush va mehnat faxriylarini, nuroniy otaxon va onaxonlarni, butun viloyat jamoatchiligini bugungi bayram – Xotira va qadrlash kuni bilan muborakbod etdi.
Viloyatdagi barcha tashkilot va boshqarmalar, 22 ta tuman-shahar hokimliklari tomonidan majmua poyiga gullar qoʻydi.
Yodgorlik Ikkinchi jahon urushida besh oʻgʻlidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova, uning sadoqatli kelinlari va yetim qolgan nabiralari xotirasiga bagʻishlab barpo etilgan.
Aytish mumkin, Toshkent viloyatidan 200 mingdan ziyod mard yigitlarimiz frontga ketib, ulardan 40 mingga yaqini jang maydonlarida qurbon boʻldilar.
Urush yillari evakuatsiya qilingan 1 ming 300 nafar 10-15 yoshli bolalarni va 3 ming 500 nafar boshpanasiz kishilarni xalqimiz oʻz xonadonlariga qabul qilganlar, 300 nafardan ziyod bolalar 9 ta kolxoz qoshida tashkil qilingan bolalar uylariga joylashtirilgan.