Katta-kichik, keksa-yosh — hammaning boshi egik, koʻzlarida nam. Shu kuni qabristonda odatdagidan boshqacharoq dafn marosimi boʻldi. Bundan salkam yarim asr muqaddam Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan Avazmat Niyozmatovning xoki qishloq qabristoniga dafn etildi.
Xoʻsh, Avazmat Niyozmatov kim edi? Bu savolga oydinlik kiritish uchun urushning dastlabki kunlaridagi voqealarni eslaymiz. Avazmat shu qishloqda tugʻilib voyaga yetgan. U yoshligidan chaqqon harakatlari va jasurligi bilan ajralib turardi. Ot sporti bilan shugʻullanib, turli musobaqalarda bir necha bor gʻolib chiqqan. Qishloqda otchilik xoʻjaligi boʻlib, mudofaa qismlariga harbiy otlar yetkazib berardi.
1940-yilda Samarqand viloyatidan harbiy xizmatga chaqirilgan Avazmat yigitlik burchini Brest qalʼasi atrofida oʻtadi. Urush boshlanishidan bir kun oldin — 1941-yil 21-iyunda u Brest qalʼasida xizmat qilayotgan hamyurti Madamin Hojiyev oldiga keladi. Dam olish kunlari boʻlgani uchun ikki doʻst kechgacha sayr qiladi, kino koʻrib, hordiq chiqaradi. Shu kecha Avazmat doʻsti bilan qalʼada tunab qoladi.
Brest qalʼasi 1833-1838-yillarda Brest shahridan 2 kilometr gʻarbda, Bug daryosi oʻng sohilida bunyod etilgan boʻlib, oʻz davrining mukammal qurilish arxitekturasiga ega inshoot edi. Qalʼa 2000 nafar harbiy oila aʼzolari bilan yashashiga moʻljallangan. Avazmat mehmon boʻlgan kecha qalʼaga Moskvadan sanʼatkorlar kelgan, barcha harbiylar oila aʼzolari bilan konsert tomosha qilib, raqsga tushgan.
1941-yil 22-iyun sahar chogʻi boshlangan urush hammani sarosimaga soladi. Hali koʻzini uyqu tark etmagan askarlar qoʻliga qurol oladi. Urushning dastlabki daqiqalari va vatan himoyasi xuddi shu Brest qalʼasidan boshlanadi Avazmat uchun.
Qalʼa ichida askarlarning umr yoʻldoshlari, bola-chaqalari, oʻquvchilar yashardi. Avazmat ularni yertoʻlalarga joylashtirishda jonbozlik koʻrsatdi. Qalʼada shoshilinch harbiy kengash tuzildi.
Katta kuch bilan tashlangan dushman askarlari qisqa vaqtda qalʼani qamal etib, darvozalaridan ichkariga kirishga harakat qilardi. Toʻrt tomondagi darvozalar qarshisiga pulemyot oʻrnatib, jangchilar tashqariga chiqishiga yoʻl qoʻymasdi. Qalʼada mudofaa shtabi tuzilib, askarlar va harbiylar oila aʼzolarini oʻrmonga chiqarish rejasi ustida bosh qotiriladi. Nisbatan zaifroq hujum uyushtirilayotgan sharqiy darvoza qarshisidagi oʻt ochish nuqtasini yoʻq qilish rejalashtiriladi va bu vazifa oddiy askar Avazmat Niyozmatovga topshiriladi.
Avval bu topshiriqni bajarishga kirishgan bir necha jangchi dushman oʻqidan halok boʻladi. Buni yaxshi anglagan Avazmat boshqacha yoʻl tutadi. U qalʼaga oqib kiruvchi Bug daryosini kechib oʻtib, dushmanning oʻt ochish nuqtasini yoʻq qiladi. Qisqa fursatda qalʼadagi 9 mingga yaqin askar va ularning oila aʼzolari oʻrmon ichkarisiga yashirinishga ulguradi. Avazmatning oʻzi esa dushman oʻt ochish nuqtasini yoʻq qilish paytida qahramonlarcha halok boʻladi.
Uzoq davom etgan urush nihoyat 1945-yil 9-mayda gʻalaba bilan nihoyasiga yetdi. Omon qolgan jangchilar uyiga qayta boshladi. Kimdir qoʻltiqtayoqda, kimdir bir qoʻli, yana kimdir boshi bogʻlangan holda. Lekin Avazmatdan darak boʻlmadi. Rasmiy jihatdan Brest qalʼasi jangchilari safida roʻyxatda boʻlmagan Avazmatning jasorati va qahramonligi koʻp yillar nomaʼlumligicha qolaverdi. Bu orada uning onasi Xonbuvi aya 29 yil oʻgʻlining yoʻlini poylab, 1970-yilda olamdan oʻtdi. Avazmatning ukasi Xolmat, singillari Xursand va Ruxsat boʻy yetib, turmush qurdi, bola-chaqali boʻldi. Lekin Avazmat haqida, u tirikmi yo halok boʻlganmi, hamon biror yangilik yoʻq edi.
Faqat 1982-yilda maqolamiz boshida tilga olingan Madamin Hojiyevning esdaliklari asosida Avazmatning Brest qalʼasida halok boʻlgani toʻgʻrisida dastlabki xabarlar paydo boʻldi. Avazmatning ukasi Xolmat akasining jasoratini roʻyobga chiqarishga koʻp harakat qildi. Bu yoʻlda unga 125-oʻqchi polkining 2-batalyoni vzvod komandiri Muhammadjon Abduvaliyev katta yordam berdi. U Avazmatning sobiq komandiri boʻlgan.
Harbiy arxiv hujjatlari saqlanayotgan Podolsk shahridan Avazmat Niyozmatovning haqiqatan 1941-yil 22-iyun kuni halok boʻlgani toʻgʻrisida hujjat keldi. Ana shu hujjat asosida 1988-yilda Brest qalʼasidagi memorial majmuaning shon-shuhrat lavhasiga Avazmat Niyozmatov nomi yozildi. Yodgorlik lavhasida jami 850 ta yozuv boʻlib, shundan 226 jangchining nomi aniqlangan. Shulardan biri Avazmat Niyozmatovdir.
1988-yilda yana bir quvonchli xabar tarqaldi. Avazmat Niyozmatovning qahramonligi Brest qalʼasi ilmiy kengashi, sobiq ittifoq Mudofaa vazirligi tomonidan tan olinib, nomi zarhal harflar bilan Brest memorial majmuasi marmar lavhasiga abadiy yozib qoʻyildi. Qalʼadagi muzeyning toʻqqizinchi zalidan unga alohida joy ajratildi.
1990-yil aprel-may oylarida qahramon jangchi oʻqigan maktab oʻquvchilari, qarindosh-urugʻlari, safdoshlari ishtirokida Brest qalʼasiga sayohat uyushtirildi. Ana shu sayohat chogʻida harbiy qismlar, faxriy jangchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Uchrashuvlardan birida sobiq polk komandiri Pavel Sevakop bunday deydi: “Jasur oʻzbek oʻgʻloni aziz jonidan kechib, shu kuni odamlarimizning oʻrmon ichiga kirib olishiga yoʻl ochib berdi. Bu voqea urushning dastlabki kunlari sodir boʻlib, sobiq ittifoq hududida dushmanning oʻt otish nuqtasini birinchi boʻlib portlatgan mard jangchi Zomin oʻgʻloni Avazmat Niyozmatov edi”.
Bu soʻzlar biz, safar ishtirokchilarini gʻoyat ruhlantirdi, qalbimizni faxr tuygʻusiga toʻldirdi. Safar yakunida Brest qalʼasidan Avazmatning tuprogʻi olib kelindi va Yom qishlogʻi qabristonida unga ramziy qabr qoʻyildi.
Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 80 yil boʻldi. Vatan himoyasi uchun jang qilgan, aziz jonini fido etgan askarlar nomi va ruhi mangulikka daxldor.
Abdusattor SODIQOV,
jurnalist







