Nurmat Atabekov: Ko'kyo'tal kasalligi bo'yicha yurtimizda epidemiologik vaziyat barqaror

    Salomatlik 25 Sentabr 2023 3633

    Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda ko'kyo'tal kasalligi avj olgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

    Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi raisi o'rinbosari Nurmat Atabekov mazkur holat yuzasidan SSV Matbuot xizmatiga quyidagilarni ma'lum qildi:

    — Ko'kyo'tal — havo-tomchi yo'li orqali yuqadigan o'ta yuqumli xastalik bo'lib, qo'zg'atuvchisi Bordetella pertussis bakteriyasi hisoblanadi, — deydi mutaxassis. — Unga chalingan bemorlarda o'tkir respirator virusli infektsiyalar alomatlari, shuningdek, kuchli yo'tal xurujlari va qusish kuzatiladi.

    Bu kasallik asosan yosh bolalar va o'smirlarda aniqlanadi, lekin katta yoshli odamlarda ham uchrashi mumkin.

    O'zbekistonda milliy emlash kalendariga asosan, chaqaloqlar 2, 3 va 4 oyligida 3 marotaba pentavalent vaktsina bilan (ko'kyo'tal, difteriya, qoqshol, gepatit V va XIB infektsiyalarga qarshi) emlanadi. Bir yildan so'ng, ya'ni 16 oylik davrida AKDS-4 bilan qayta revaktsinatsiya qilinadi.

    Joriy yilning o'tgan davrida mamlakatimiz bo'yicha jami 2 millionga yaqin bola ushbu xastalikka qarshi vaktsina qabul qilgan. Xususan, yanvar`-avgust oylari davomida penta-1 bilan emlanishi kerak bo'lgan bolalarning 97,6 foizi, penta-2 bilan 98,5 foizi, penta-3 bilan esa 98,5 foizi emlangan.

    Bundan tashqari, 16 oylik o'g'il-qizlarning 98,9 foizi revaktsinatsiya bosqichida qayta emlangan.

    Aytish joizki, ko'kyo'tal mavsumiy xarakterga ega bo'lib, kuz-qish davrida ko'proq qayd etilishi mumkin va aksariyat hollarda emlanmaganlar (tibbiy cheklov va rad etish), to'liq emlash kursini olmaganlar hamda ba'zi hollarda emlashdan keyin immunitet shakllanmagan (seromanfiy) bolalarda kuzatiladi.

    Qisqa qilib aytganda, emlanmagan o'g'il-qizlar o'rtasida kasallik tarqalish xavfi saqlanib qoladi. SHu bois ko'kyo'tal kam miqdorda bo'lsa-da, aholi o'rtasida qayd etib turilishi tabiiy hol.

    Chunki ushbu xastalikni faqat jamoaviy immunitet hosil qilish orqali engish mumkin. Buning uchun Milliy emlash kalendariga muvofiq, yosh bolalar emlanishi zarur.

    Hozir yurtimizda bu boradagi epidemiologik vaziyat barqaror va xavotirlanishga asos yo'qligini, shuningdek ushbu kasallik hech qanday asoratlarsiz davolanib ketishini ma'lum qilamiz.

    Sog'liqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.