Bugun yurtimizning oziq-ovqat, toʻqimachilik va boshqa turdagi mahsulotlari dunyo bozorlariga chiqib, jahonning eng rivojlangan davlatlari savdo doʻkonlaridan munosib joy egallamoqda. Tobora rivojlanib borayotgan eksport salohiyatini yana-da oshirish maqsadida tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilyapti.
Kuni kecha Nyu-Yorkning Bruklin mavzesida eksport-importni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan yana bir markaz — Oʻzbekiston savdo uyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi hamda davlatimizning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi hamkorligida tashkil etilgan savdo uyi Mustaqillik ayyomiga munosib tuhfa boʻldi.
Savdo uyining asosiy vazifasi yurtimiz mahsulotlarini Amerika qitʼasida targʻib qilish va mahalliy tovarlarimizning eksport hajmini oshirishdan iborat. Markaz pavilyonida milliy mahsulotlarimiz koʻrgazma tarzida namoyish etiladi va tadbirkorlar oʻrtasida eksport-import shartnomalari tuziladi. Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan barcha turdagi mahsulotlar Eksportchilar uyushmasiga aʼzo tadbirkorlar, eksportchilar tomonidan u yerdagi talab va taklif asosida Nyu-Yorkdagi savdo doʻkonlariga yetkazib beriladi.
— Mahalliy tadbirkorlarimizdan biri — uyushmaning Nyu-Yorkdagi biznes elchisi Abdumalik Ahmedov koʻmagida Bruklinda kichik boʻlsa-da koʻrgazmalar tashkil etib, Amerika bozorlarida oʻzbek mahsulotlarini targʻib qiladigan shou-rum, oʻzbek ishbilarmonlariga yaqindan koʻmak beradigan markaz tashkil etishga muvaffaq boʻldik, — deydi Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi raisi Muxtor Umarov. — Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizdan borgan emigrantlarning koʻpchiligi Bruklinda yashaydi. Bundan tashqari, AQSHda MDH davlatlaridan borib istiqomat qilayotgan tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan 700 dan ortiq yirik doʻkon bor. Ularda yurtimizning turli oziq-ovqat mahsulotlari sotiladi. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi mahalliy savdo markazlariga ham toʻqimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari, hoʻl va quruq mevalarimizga buyurtmalar tushadi. Ularni oson va tezkorlik bilan yetkazish, tadbirkorlarning oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish maqsadida uyushma savdo uyini tashkil etishga qaror qildi. Bu joy ikki davlat oʻrtasidagi savdo yoʻlagi vazifasini bajaradi va endilikda oʻlkamiz mahsulotlari Amerika doʻkonlariga bizning savdo uyimiz orqali hech qanday toʻsiqlarsiz yetib borishi taʼminlanadi.
Shuningdek, xaridorlar sonini oshirish uchun loyihaga jalb etilgan 5 nafar marketolog yordamida AQSHdagi savdo majmualarida yurtimiz mahsulotlarini targʻib etishga qaratilgan turli aksiya va tadbirlar oʻtkaziladi. Aholiga mevalarimizni bepul tatib koʻrish imkoniyati yaratiladi. Bu orqali oʻsha yerning oʻzida xaridorlar topilib, uyushma orqali mahalliy eksportchilar bilan aloqa oʻrnatish taʼminlanadi. Hozircha bu ishlarning birinchi bosqichi Nyu-York shahrida boshlandi. Kelgusida bunday savdo uylarini dunyoning boshqa davlatlarida ham ochish rejalashtirilgan.
Mutasaddilarning taklifi bilan savdo uyida “Oʻzbek jamiyati”ning qarorgohi ham tashkil etildi. Markaz faoliyati davomida AQSHda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish koʻzda tutilgan.
Savdo uyida mahalliy va xorijlik tadbirkorlar oʻrtasida bevosita savdo shartnomalari imzolanishi bilan birga, yurtimizdagi eksport bozorlari internet tarmogʻi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri markazga ulanadi. AQSHdagi yirik savdo doʻkonlari rahbarlari va boshqa xaridorlar oʻzbek mahsulotlarini Oʻzbekmart.som elektron shou-rumi orqali onlayn rejimda koʻrib, buyurtma berishi ham mumkin. Eksportchilar uyushmasi huzuridagi “Uzexim capital” moliya tashkiloti esa Nyu-Yorkdagi tadbirkorlarning savdo xaridlarini moliyalashtiradi. Tizimli ravishda olib borilayotgan mazkur ishlar mahalliy tadbirkorlarga katta koʻmak boʻlib, Oʻzbekiston mahsulotlarining Amerika bozorlariga keng kirib borishi va eksport salohiyatining yana-da oshishiga yoʻl ochadi. Kelgusida savdo uyi pavilyoni hududini kengaytirish hamda koʻrgazma maydoniga yurtimizda ishlab chiqariladigan barcha turdagi mahsulotlarni joylashtirish maqsad qilingan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri