OAV vakillari Fargʻona viloyati turizm salohiyati bilan tanishmoqda

    Fargʻona viloyati Oʻzbekistonning koʻhna madaniyat oʻchoqlaridan biridir. Hududlarda topilgan tosh davri manzilgohlari va qoyatoshlarga chizilgan suratlar bu hududlarda odamlar eng qadimgi davrlardan buyon yashab kelayotganidan darak beradi.

    Fargʻona viloyati Oʻzbekistonning koʻhna madaniyat oʻchoqlaridan biridir. Hududlarda topilgan tosh davri manzilgohlari va qoyatoshlarga chizilgan suratlar bu hududlarda odamlar eng qadimgi davrlardan buyon yashab kelayotganidan darak beradi.

    Buyuk Ipak yoʻlida joylashgan mazkur hudud qadimdan sayyohlar eʼtiboridan tushmay keladi. Fargʻonaning oʻtmish va zamonaviylik uygʻunlashgan Qoʻqon, Margʻilon, Rishton, Fargʻona, Quva kabi shahar va tumanlaridagi manzilgohlar, muzey va masjidlar, hunarmandchilik markazlari sayyohlar bilan gavjum.

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan Fargʻona viloyatida boshlangan infoturda ana shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratildi. Unda soha mutaxassislari va 30dan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

    Jurnalistlar dastlab Fargʻona viloyatidagi turizm axborot markazi bilan tanishdilar. Soʻng Qoʻqon davlat muzey-qoʻriqxonasi, Jomeʼ amaliy sanʼat hamda Buyuk allomalar muzeylariga, shuningdek, Norboʻtabiy va Dasturxonchi masjidlariga sayohat tashkil etildi.

    Jurnalistlarga Qoʻqon shahar hokimi Maʼrufjon Usmonov yoʻlboshchilik qildi.

    – Buyuk allomalar muzeyi 2018-yili Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fargʻona viloyatiga tashrifi davomida ochilgan, – deydi ilmiy xodim Muazzam Mahmudova. – Muzey zamonaviy andazadagi meʼmoriy binoda joylashgan boʻlib, oʻzida turli davrlarni aks ettiradi. Birinchi zalimizda VII-XII asrlarga oid maʼlumotlar saqlansa, navbatdagi zallar XIV-XV asrlar, XVIII-XIX asrlar, XIX asr oxiri XX asr boshlari hamda XXI asr maʼnaviy hayoti haqida yaxlit tushuncha beradi. Bu yerda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan allomalarning ilmiy-adabiy merosi va hayotini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar bilan tanishish mumkin.

    Infotur davom etmoqda.