Taʼkidlanganidek, amaldagi qonun 1998-yilda qabul qilingan boʻlib, hozirgi kunga qadar unga 15 marotaba oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Shunday boʻlsa-da, unda umumiy tusga ega boʻlgan va ishlamaydigan normalar hamon koʻp. Reklama bilan bogʻliq munosabatlar toʻliq qamrab olinmagan. Vakolatlar aniq belgilanmagani esa koʻplab huquqbuzarliklarga sabab boʻlmoqda.

Xususan, joriy yilda 3 900 dan ortiq nomuvofiq reklamalar aniqlangan. Dori vositalari, bolalar oziq-ovqatlari, alkogolli va energetik ichimliklar reklamasiga nisbatan cheklovlar nazarda tutilmagani bois, energetik ichimliklar boʻyicha – 13 ta, alkogolli ichimliklar boʻyicha – 98 ta, tamaki va kalyan boʻyicha – 67 ta reklama talablari buzilgan.

Yangi qonun loyihasida yuqoridagi kamchiliklar tuzatilib, bugungi kun talab va takliflaridan kelib chiqqan holda, OAV, mobil aloqa tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda. Elektron tijoratda tashqi va ichki reklamalar berish tartibga solinmoqda.

Yigʻilishda qonun loyihasi yuzasidan berilgan takliflar inobatga olinib, mazkur hujjat deputatlar tomonidan maʼqullandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.