Shuningdek, mamlakatimiz yetakchisi Jarqoʻrgʻon tumanida qurilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massiviga borib, aholi bilan muloqot qilgan edi. Mazkur tashrif viloyat ahliga koʻtarinki kayfiyat berib, islohotlarga yangicha ruh bagʻishladi. Surxondaryo aholisining farovonligi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

Keyingi yillarda yurtimizdagi islohotlar markaziga inson qadri, manfaati va farovon hayoti qoʻyilyapti. Bu tamoyil, ayniqsa, mahallalardagi amaliy ishlarda yaqqol namoyon boʻlmoqda. Boisi, mahalla faqat hudud emas, balki odamlarni birlashtirgan, ularning hayoti, orzu-umidlari, quvonchi va tashvishlarini oʻzida mujassam etgan maskandir.

Surxondaryoda mahalla infratuzilmasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratil­yapti. Bugun viloyatdagi 723 ta mahallaning 48 tasi chegaraga yaqin va markazdan olis hududlarda joylashgan. Jumladan, Uzun tumani mamlakatimiz poytaxtidan 800 kilometr, Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridan 200 kilometr olisda joylashgan. Qoʻshni Tojikistonga chegaradosh bu tuman mamlakatimizning chekka hududlaridan boʻlsa-da, u yerda katta oʻzgarishlar, islohotlar natijasi boʻy koʻrsatib turibdi.

Xususan, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng koʻlamli ishlar qilinyapti. Yangi yoʻllar, piyodalar yoʻlakchalari yotqizilmoqda. Koʻchalarda tungi yoritqichlar oʻrnatilmoqda. Bu ishlar hudud qiyofasini koʻrkamlashtirish barobarida odamlarning xavfsizligi va qulayligiga ham xizmat qiladi. Shu kunlarda tumanning Obod yurt mahallasi hududida ham bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari jadal bajarilmoqda. Jumladan, “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida ariqlarni betonlash, oʻrindiqlar oʻrnatish hamda piyodalar yoʻlagi yotqizish ishlari ­boshlangan.

Loyiha doirasida velosipedchilar, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus yoʻlaklar quriladi, 1300 metr uzunlikdagi ariq betonlanadi, quyosh panelli yoritqichlar oʻrnatiladi. Shuningdek, talab etilgan joylarga simyogʻoch, oʻrindiq, yoʻl belgilari, oʻnga yaqin videokamera oʻrnatish rejalashtirilyapti. Shu tariqa mahalladagi koʻp yillik muammolarga amaliy yechim topilmoqda.

Uzun tumanining Mehnat mahallasi ahli ham bir yoqadan bosh chiqarib, “Tashabbusli byudjet” dasturida ishtirok etgan va loyihasi gʻolib deb topilgan edi.

— Mahallamizda rejaga muvofiq, 1 milliard 405 million soʻmlik ishlar qilinishi, jumladan, 125 ta quyosh panelli yoritqich,

60 ta beton ustun, 16 ta videokamera oʻrnatish, 2,6 kilometrga elektr tarmogʻi tortish belgilangan. Hozir bu boʻyicha amaliy harakatlar davom etmoqda, — deydi “Mehnat” MFY raisi Shamsiddin Boboyev. — Ariqlar tozalanib, zamonaviy talablar asosida betonlandi. Bu esa aholi tomorqalarini sugʻorishda ham katta qulaylik yaratmoqda. “Mahalla yettiligi” va faollari, homiylar va masʼul tashkilotlar hamkorligida qilinayotgan bu ishlarni aholi ham qoʻllab-quvvatlamoqda. Bugungi odamlar kechagidek befarq emas, aksincha, uygʻoq, dunyoqarashi keng.

“Mehnat” MFY koʻchalari boʻylab yangi piyodalar yoʻlakchalari yotqizilmoqda. Bu esa aholining erkin harakatlanishi, bolalarning maktabga borib-kelishi, keksalarning bemalol sayr qilishi uchun juda muhim. Bundan tashqari, zamonaviy, energiya tejamkor yoritqichlar oʻrnatilgani qulaylik yaratish bilan birga hududda xavfsizlikni taʼminlashda ham katta ahamiyatga ega.

Yangi kuch mahallasida ham 2025-yilda qator ishlar qilindi. Jumladan, yoʻllar kengaytirilib, yoritqichlar koʻpaytirildi, piyodalar yoʻlagi qurildi. Joriy yilda esa nuroniylar choyxonasi barpo etilyapti. Mahalla guzari kelgusida otaxonu onaxonlar uchun maʼnaviy suhbatlar uyushtirish va mazmunli dam olish uchun munosib maskan boʻlib xizmat qiladi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jumladan, koʻzi ojiz va nogironligi boʻlgan shaxslar bilim olishi, axborotga erkin ega boʻlishi va maʼnaviy dunyoqarashini boyitishi uchun zamonaviy elektron kutubxona barpo ­qilinyapti.

— Loyiha asosida zamonaviy elektron kutubxona tashkil qilinib, xonalar maxsus jihozlanadi. Zamonaviy kompyuterlar, nutq orqali ishlaydigan dasturlar, audiokitoblar bazasi hamda brayl yozuvidagi adabiyotlar bilan taʼminlangan ­infratuzilma ­yaratilishi rejalashtirilgan, — deydi “Yangi kuch” MFY raisi Kamol Yoqubov.

Kutubxonadan foydalanuvchilar uchun qulay muhit, malakali mutaxassislar koʻmagi va zarur texnik sharoit tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Maʼlumot oʻrnida aytish joiz: hozir tumanda nogironligi boʻlgan 7925 shaxs, koʻzi ojiz 668 fuqaro yashaydi. Ushbu kutubxona ular uchun juda muhim va foydali maʼlumotlar bazasi boʻlib xizmat qiladi.

Hududlardagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari yil boshidanoq keng koʻlamda boshlangan. Ayniqsa, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda oilaviy tadbirkorlikni ragʻbatlantirish borasidagi ishlar odamlarning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlayapti. Masalan, Termiz shahri Amu sohillari mahallasida yashovchi Murodali Dadaboyevning parrandachilik loyihasini yoʻlga qoʻyganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Shunga qaramay, sohaning sir-sinoatini puxta oʻrgangan tadbirkor har yili moʻmay daromad olish imkoniga ega boʻldi. Hozir u gʻoz koʻpaytirishda eng yaxshi va maqbul usuldan keng foydalanyapti.

— Xitoydan keltirilgan inkubator yordamida bir oyda 170 dan ortiq joʻja ochirish imkoniyatiga egamiz. Joʻja ochirish mavsumi fevralning soʻnggi oʻn kunligidan avgustning boshigacha davom etadi. Bu bitta gʻoz 50 dan ziyod tuxum berishini hisobga olsak, 300 ta gʻozdan 16 mingdan ortiq tuxum olish mumkinligini anglatadi, — deydi Murodali Dadaboyev. — Shunday qilib, har mavsumda mingdan ortiq joʻja ochirishni rejalashtirganmiz. Qolgan tuxumlar sotiladi.

Tadbirkor mahalladagi katta oʻzgarishlardan ruhlanib, qarovsiz turgan joyda parrandachilikka ixtisoslashgan korxona va bogʻ barpo etib, ishbilarmonlikni rivojlantirishga intilyapti.

“Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturi doirasidagi loyihalarni zarur infratuzilma bilan taʼminlash maqsadida 2026-yilda davlat byudjetida nazarda tutilgan mablagʻlar manzilli tarzda sarflanishi rejalashtirilib, bu borada ishlar izchil bajarilmoqda.

Jumladan, Angor tumanining Markaz mahallasini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli, zamonaviy qiyofadagi hududga aylantirish uchun aholini bandlikka jalb etish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va turmush darajasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Maʼlumotlarga koʻra, mahalladagi 515 xonadonda 3348 kishi yashaydi. Hududda tomorqadan samarali foydalanish orqali daromad manbalari kengaytirilmoqda. Xususan, tomorqa egalaridan Norqul Toshboyev 17 sotix yerda “alamino” navli pomidor yetishtirib keladi. Mavsum davomida 3 kishini ish bilan taʼminlaydi. Bu tajriba mahallalarda aholini bandlikka jalb qilish va daromadni oshirishda samarali deb baholanmoqda.

Denov tumanidagi Bogʻi Eram mahallasida joriy yildan “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” mezonlari tatbiq etiladi. Shu doirada keng koʻlamli ijtimoiy va infratuzilma tadbirlari oʻtkaziladi. Maqsad — mahallani ishsizlik, kambagʻallik, migratsiya va jinoyatchilikdan xoli, barqaror rivojlangan, aholi uchun qulay va zamonaviy muhitga ega hududga aylantirish.

Oltinsoy tumanida ham mahallalar infratuzilmasini yaxshilash ishlari bosqichma-bosqich bajarilmoqda. Xususan, Yangi qurilish mahallasida yaroqsiz simyogʻochlar 335 ta yangi ustunga almashtirildi, 4 ta transformator oʻrnatildi. Ichki koʻchalarni modernizatsiya qilish ishlari ham faol davom ettirilmoqda: 3,5 kilometr ichki koʻcha asfaltlandi. Yil yakunigacha esa yana 13,5 kilometr yoʻl yotqizilishi rejalashtirilgan.

Qiziriq tumani markazidan olisda joylashgan Kunchiqish mahallasida ham hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasi va farovonligini oshirishga qaratilgan ishlar boshlab yuborildi. Manzil infratuzilmasini yaxshilash, yoʻl va kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, toza ichimlik suv tarmoqlarini taʼmirlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Bugun mahallalar faqat maʼmuriy tuzilma emas, balki aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, muammolarni joyida hal etish, bandlikni taʼminlash va bunyodkorlik ishlari bajarilayotgan muhim manzilga aylanmoqda. Bunday bunyodkorlik ishlari mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasidir.

Sarvar TOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri