Unda senatorlar, Ekspert guruhi aʼzolari, mahalliy kengashlardagi axborot siyosati va mahalliy davlat hokimiyati organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari boʻyicha tashkil etilgan doimiy komissiyalar raislari ishtirok etdi.

Majlisda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida amalga oshirgan ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.

Maʼlumki, Prezidentning 2021-yil 16-iyundagi Farmoniga muvofiq Agentlikka davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha vazifalar yuklatilgan.

Xususan, ochiq maʼlumotlar roʻyxatini uzluksiz toʻldirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish choralari ishlab chiqilishi va joriy etilishi, ommaviy axborot vositalari orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi madaniyatini singdirish kabi muhim vazifalar shular jumlasidandir.

Ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida joylashtirib borilishiga oid majburiyatlariga rioya qilinishi oʻrganilib, tahlil etilgan.

Oʻrganishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyat hokimliklari tomonidan mahalliy byudjet mablagʻlarining rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablagʻlar yoʻnaltirilgan maqsadlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan holda qisman ochiqlanishi taʼminlangan boʻlsa, Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari mazkur majburiyatlarini umuman bajarmaganligi aniqlangan.

Qayd etilganidek, ilgʻor xalqaro standartlar talablari asosida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi qonun loyihasi Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan.

Ochiq maʼlumot sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlarni eʼlon qilmaslik yoki toʻliq eʼlon qilmaslik, eʼlon qilish muddati va tartibini buzganlik yohud maʼlumotlarni notoʻgʻri koʻrsatganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima jazosini oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Xususan, xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima jazosini oʻrnatish belgilanmoqda.

Qoʻmita majlisida yuqoridagi holatlar yuzasidan turli fikr mulohazalar bildirildi. Mazkur masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.