Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bu boradagi vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilib, bu yoʻnalishda toʻplanib qolgan muammolarni hal etish uchun huquqiy asoslar tubdan takomillashtirilmoqda. Qolaversa, Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Buning natijasida aholi murojaatlari bilan ishlash boʻyicha zamonaviy tizim shakllandi. Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini va jamoatchilik oldida hisobdorligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada islohotlarning eng muhim bosqichlaridan biri – 2018-yilda qabul qilingan “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror boʻldi. 2020-yildan boshlab Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari axborotlar batafsil bayon etilgan, ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlangan qonun bilan tasdiqlanishi yoʻlga qoʻyildi. “Ochiq byudjet” axborot portali ishga tushirildi. “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.
Prezidentimizning kuni-kecha qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni mazkur yoʻnalishdagi ishlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga koʻtarishda muhim huquqiy asos boʻldi. Mazkur farmon asosida sohada oʻz yechimini kutayotgan koʻplab dolzarb masalalar yechimi yuzasidan yangi va samarali amaliyotlar joriy etilmoqda.
Masalan, soʻnggi vaqtlarda koʻp muhokama boʻlayotgan davlat xaridlari sohasini olaylik. Toʻgʻri, bu borada oxirgi vaqtlarda Ochiq maʼlumotlar portalida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan statistik maʼlumotlar onlayn rejimda joylashtirib borilmoqda. Biroq davlat xaridlari sohasida toʻliq shaffoflikni taʼminlashga erishish uchun hali amalga oshiriladigan ishlar koʻp. Mazkur farmon bilan joriy yil 1-iyuldan eʼtiboran har bir davlat organlari va tashkilotlari Ochiq maʼlumotlar portalida davlat xaridlari boʻyicha barcha maʼlumotlarni joylashtiradi. Xususan, portalda tender asosidagi xaridlardan tashqari, toʻgʻridan toʻgʻri tuzilgan shartnomalar haqidagi maʼlumotlar ham oʻz aksini topadi. Masalan, biror davlat organi mashina yoki kompyuter sotib olmoqchi. Ilgari bunday xaridlar toʻgʻrisida tuzilgan shartnoma oldi-sotdi qilgan ikki tashkilotdan boshqa hech qayerda qayd etilmas edi. Endi shunday maʼlumotlar ham ochiqlanadi.
Yana bir muhim masala. Barchamiz bilamizki, qator davlat organlari rahbarlari va xodimlari tijorat tashkilotlarining kuzatuv kengashlariga aʼzo hisoblanadi. Lekin hozircha bizda bu haqda hech qanday ochiq maʼlumot yoʻq. Endi bunday maʼlumotlar ham ochiqlanadi va bu manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.
Bir qator davlat idoralari tomonidan davlat organlari va tadbirkorlik subyeklari faoliyati tekshiruvlardan oʻtkaziladi. Masalan, byudjet mablagʻlarining sarflanishi boʻyicha moliyaviy tahlillar, soliq, yongʻin xavfsizligi va boshqa yoʻnalishlardagi tekshiruvlarni misol keltirish mumkin. Shu paytgacha oʻtkazilgan bunday tekshiruvlar hech qayerda ochiqlanmas edi. Endilikda bu haqdagi maʼlumotlar ham Ochiq maʼlumotlar portali orqali jamoatchilikka taqdim etiladi.
Farmon bilan ochiq maʼlumot sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati tasdiqlandi. Bu roʻyxat uzluksiz yangilanib boriladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya vazirligi bu roʻyxatni yana-da kengaytirish boʻyicha doimiy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib boradi.
Endilikda davlat organlari va tashkilotlari har yili 1-martga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi, 10-martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar beradi. 1-aprelga qadar oʻz faoliyatiga oid hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazadi. Bu davlat organlari va tashkilotlari faoliyatidan keng jamoatchilikning xabardorligini oshirishda muhim qadam boʻladi.
Xabaringiz bor, tegishli rasmiy hujjatlar asosida tijorat tashkilotlariga, ishlab chiqaruvchilarga soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar beriladi. Ammo bugungi kungacha bunday maʼlumotlar oshkor qilinmas edi. Endi bu borada qabul qilingan rasmiy hujjatlar Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirib boriladi.
Farmonda bunday yangiliklar juda koʻp va ular hayotimizda uchrab turadigan barcha dolzarb masalalarni oʻz ichiga olgani bilan ahamiyatlidir. Masalan, oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun test va ijodiy (kasbiy) imtihonlar, magistratura (klinik ordinatura) bosqichiga qabul imtihonlari, oʻqishni koʻchirish istagini bildirgan talabalardan, xorijiy OTM diplomini tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlarini onlayn kuzatish imkoniyati yaratiladi.
Soʻnggi paytlarda jamoatchilik oʻrtasida qizgʻin muhokama boʻlayotgan yana bir masala – ovchilik faoliyati. Farmonga muvofiq Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi 2021-yil 1-avgustga qadar doimiy ravishda yangilab turiladigan Ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi axborot bazasini oʻz rasmiy veb-sayti hamda portalga joylashtiradi. Unda “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 36-moddasida koʻrsatilgan maʼlumotlar, ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun joy berish toʻgʻrisida tuzilgan barcha shartnomalar, ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqi tugatilgan holatlar, undirilgan haq miqdorlari yuzasidan maʼlumotlar berib boriladi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga doir ruxsatnoma berilgan barcha shaxslar va ruxsatnomadagi maʼlumotlar hamda undirilgan haq miqdorlari kabi masalalar ham yoritib borilishi taʼminlanadi.
Farmonda sohadagi ishlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari ham koʻzda tutilgan. Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmati Adliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Bundan tashqari, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi qonun loyihasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.
Bu chora-tadbirlarning barchasi, avvalo, inson manfaatini muhofazalash, xalqimiz hayoti farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslarda nufuzini yuksaltirish, jamiyatimizdagi demokratik islohotlarni yana-da chuqurlashtirishda muhim qadam boʻladi.
Aziz DEHQONOV,
Adliya vazirligi bosh maslahatchisi