Qayd etilishicha, “Octobank” AJ ushbu bilan “Humans” MCHJ bilan oʻzaro hisob-kitoblar (Kliring)ga xizmat koʻrsatish va “Humans” moliyaviy xizmati doirasida chiqarilgan kartalar boʻyicha operatsiyalarni amalga oshirish shu yilning 13-iyun kuni soat 18:00 dan boshlab toʻxtatilishi toʻgʻrisida rasman maʼlum qiladi.
Bunday qaror “Humans” MCHJ tomonidan shartnomaviy munosabatlarning muntazam ravishda buzilishi va qabul qilingan majburiyatlarning bajarilmasligi sababli qabul qilindi, — deyiladi xabarda.
Qayd etish lozimki 2020-yildan beri tomonlar oʻrtasida moliyaviy xizmatni birgalikda amalga oshirish boʻyicha kelishuv amal qilib kelgan boʻlib, unda “Octobank” AJ hamkor sifatida ishtirok etgan. “Octobank” AJ shartnoma shartlarini lozim darajada bajarib kelgan boʻlsada, biroq “Humans” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan kliring operatsiyalari boʻyicha qarzdorlik va koʻrsatilgan xizmatlar uchun komissiya qoplanmasdan kelmoqda.
Shuningdek, hozirda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida daʼvogar “Octobank” AJning javobgar “Humans” MCHJdan jami 500 mlrd soʻmdan ortiq qarzdorlikni undirish va yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha qoʻzgʻatilgan iqtisodiy ish koʻrib chiqilmoqda.
“Humans” MCHJ bilan oʻzaro hamkorlikni toʻxtatish Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi, — deya qoʻshimcha qilinadi xabarda.









