2020-yil 4-avgust kuni Ishtixon tumani “Xalqobod” mahallasida 34 yoshli fuqaro hamqishlogʻi 27 yoshli shaxsga telefon qilib, nima maqsadda 18 yoshli singlisiga SMS xabar joʻnatib tinchligini buzayotganligini soʻragan. Natijada ikki hamqishloq janjallashib qolishib, janjal davomida mushti bilan 27 yoshli yigitni bosh sohasiga urib tan jarohati yetkazgan.

Natijada jabrlangan tan jarohati bilan tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan. Shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Ishtixon tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining oʻlimiga olib kelgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.