Tadbirda Milliy komissiya va hududiy komissiyalar aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar, NNT vakillari ishtirok etdi. Unda mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.
Qayd etilganidek, sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash, qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalarini ratifikatsiya qilish ishlari izchil davom ettirildi.
Shuningdek, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat munosabatlarini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasida ijobiy natijalarga erishilganligi qayd etildi.
Bunga yorqin misol sifatida joriy yil iyun oyida Jeneva shahrida Xalqaro mehnat konferensiyasining 112-sessiyasi doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining Maʼmuriy Kengashi aʼzoligiga boʻlib oʻtgan saylovlarda Oʻzbekiston XMT Yevropa mintaqaviy guruhida 194 ta ovoz bilan birinchi oʻrinni egallagani alohida taʼkidlandi.
Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda, sohada jiddiy eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.
Mehnat munosabatlarini xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, qolaversa, mehnat sohasida gender tenglikni taʼminlash yoʻnalishlaridagi ishlarni yanada takomillashtirish lozimligi taʼkidlandi.
Tadbirda erishilgan natijalardan kelib chiqib, odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasidagi kelgusida amalga oshiriladigan vazifalar, Xalqaro mehnat tashkilotining Oʻzbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalari yuzasidan chora-tadbirlar rejasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikdagi “2021-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha Mamlakat dasturi”ni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan 2024-2025-yillarga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Majlisda odam savdosiga qarshi kurashish masalalari boʻyicha Ichki ishlar vazirligi, munosib mehnat masalalari boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi rahbarlari, hududiy komissiyalar vakillarining hisobotlari ham eshitildi, deb xabar beradi oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.