Odamiylik mezoni

    Mamlakatimizda 12 Iyul 2023 1280

    Mamlakatimizda olib borilayotgan tub islohot va o‘zgarishlar zamirida yurt tinchligi, fuqarolar manfaati va farovonligini ta’minlash maqsadi mujassam.

    Binobarin, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan samarali va barqaror tizim shakllanayotgani ana shu maqsadlar ro‘yobini ta’minlamoqda. Buni hududlardagi Xalq qabulxonalari faoliyatida ham ko‘rish mumkin.

    Ochig‘i, fuqaro manfaati to‘g‘ri va munosib tarzda ta’minlanishida Xalq qabulxonalari asosiy ko‘prik vazifasini bajarayapti. Ular fuqarolarning muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bilan birga, keyingi yillarda qabulxonalar ish uslubi ham takomillashyapti.

    Ayni paytda Xalq qabulxonasi faoliyati faqat idorada o‘tirib fuqarolarni qabul qilishdan iborat emas. Joylarga chiqib sayyor qabullar tashkil etish, sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarini uyma-uy yurib, ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini o‘rganishga jalb etish ham ularning vazifasi hisoblanadi. Shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal etishni doimiy ravishda muvofiqlashtirib borish, davlat dasturlarini ishlab chiqish va ijrosini nazorat qilish ham ular amaliyotidan keng o‘rin olayotir.

    Bu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga ko‘maklashishga, ularning muammolarini hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

    Ana shu hamkorlik samarasi o‘laroq, joriy may oyiga qadar Buxoro viloyati Qorako‘l tumani Prezident virtual hamda Xalq qabulxonasiga tuman aholisidan 2633 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 2354 tasi yoki 89 foizi ko‘rib chiqildi.

    Bu murojaatlarning 345 tasi moddiy yordam va pensiya, 110 tasi yer munosabatlari, 106 tasi bandlik masalasi, 97 tasi yo‘l infratuzilmasi, 54 tasi daftarlar asosida ijtimoiy himoya va yordam, 179 tasi elektr energiyasi ta’minotidagi, 61 tasi gaz ta’minotidagi muammolar, 82 tasi uy-joy bilan ta’minlash, 81 tasi aliment undirish, 48 tasi esa davolash va tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yichadir.

    Shu o‘rinda alohida ta’kidlash lozimki, murojaatlarning 919 tasi ijobiy hal etildi. Masalan, fuqaro O‘.Imomov oilaviy yashash sharoiti og‘irligi, yong‘in tufayli uy-joyi avariya holatiga kelib qolganini bildirib murojaat qildi. Aniqlanishicha, u tegishli tashkilotlardan shu masalada bir necha bor ko‘mak so‘ragan. Ammo natija bo‘lmagan. Fuqaroning murojaati bu gal Xalq qabulxonasi ishtirokida o‘rganilib, ijobiy hal etildi.

    Yana bir misol. Fuqaro U.Bozorov 2-guruh nogironi. U viloyat kasalxonalarida davolanish uchun order olish maqsadida Qorako‘l tumani tibbiyot birlashmasiga ko‘p marotaba murojaat qilib, ko‘mak so‘ragan. Ammo birlashmadagi mas’ullar masalaga panja orasidan qarashgan. Shundan so‘ng u Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Natijada tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, unga viloyat klinikalarida davolanishi uchun order berildi.

    Joriy yil davomida tumanda “Sektor sayyor qabullari”, “Xalq bilan ochiq muloqot”, “Muammo va yechim” kabi mavzularda 88 ta uchrashuv va sayyor qabullar o‘tkazildi. Bu tadbirlar orqali ham aholini qiynab kelayotgan muammolarga o‘z vaqtida yechim topilmoqda. Shu o‘rinda bir-ikki dalil keltirmoqchimiz.

    Fuqaro A.Qodirov yashash hududidagi simyog‘ochlarni ta’mirlash, yangisini o‘rnatish yuzasidan murojaat qilgandi. O‘rganishlar natijasida hududdagi transformator ta’mirlandi, yaroqsiz ahvoldagi simyog‘ochlar yangisiga almashtirildi. Shuningdek, fuqaro S.Bozorovning arizasiga ko‘ra, mahalla ichki yo‘llari ta’mirlanib, shag‘al to‘kildi.

    Alohida ta’kidlash joizki, Prezidentning Qorako‘l tumani Xalq qabulxonasi tasdiqlangan rejaga asosan sektor rahbarlari bilan joriy yilning o‘tgan davrida hududlarda 88 marotaba sayyor qabul o‘tkazdi.

    Albatta, Xalq qabulxonalarining zimmasida katta mas’uliyat turibdi. Bu mas’uliyatni chuqur his etgan holda ishlash odamlarning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashlari yo‘lidagi ezgu ishga qo‘shilgan hissadir.

    Avliyoqul OQQIYEV,

    Respublika Prezidentining

    Qorako‘l tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri