Joriy yilgi saylovga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrildi. Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili sifatida saylovchilar bilan uchrashar ekanman, yurtdoshlarimizning oʻz hayotidan rozi, shukronalikda yashayotgani guvohi boʻldim. Odamlar dunyoqarashi tamomila oʻzgargani, huquq va burchlarini tushunib yetgani, yangi Oʻzbekistonimiz kelajagi va xalqimiz baxtu saodatiga befarq emasligiga ishondim.

Masalan, Namangan tumanida istiqomat qilayotgan 106 yoshli Ibrohim ota Hojiyevning, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Yangiqoʻrgʻon tumani Poromon qishlogʻida yashovchi 101 yoshli Muhammadibrohim ota Inomovning teran fikrlari, oʻtmishdagi ogʻir va mashaqqatli kunlar, hozirgi davrdagi tinchlik-osoyishtalik, toʻkin-sochinlik, xalqimiz turmush sharoiti tobora yaxshilanayotgani haqidagi samimiy dil soʻzlari qalbimizga mamnunlik, xotirjamlik bagʻishladi. Prezidentimiz chet davlatlarga tashrifi chogʻida ham xorijlik ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlari, mamlakatimizga investitsiya jalb etishdagi faol saʼy-harakatlarini koʻpni koʻrgan nuroniylardan eshitish zavqli, ularning daxldorlik tuygʻusiga havas qilsa arziydi.

Darvoqe, bir vaqtlar ilgʻorlarni taqdirlash, mukofotlashga juda boshimiz qotgani esimda. Ularga uyimizdagi eski gilamlarni yoki kolxoz omborida qolgan-qutgan arzimas buyumlarni berib, mukofotlagan kunlarimiz boʻlgan. Bugun-chi? Bugun tadbirkorlarga qanchadan-qancha imtiyozlar, katta-katta mukofotlar berilmoqda. Buni ham qoʻya turing. Faol, namunali kitobxonlarga Prezident sovgʻasi – avtomobil taqdim etilayotganini ayting! Dunyodagi biror davlatda bunaqasi yoʻq.

Mehnat jamoalarida uyushtirilgan saylovoldi uchrashuvlarda xalqimiz oʻtgan olti yildagi tub ijobiy islohotlardan minnatdor ekanini alohida eʼtirof etdi. Bir vaqtlar faqat Namangan viloyati markazida 5-6 qavatli sanoqli uylar mavjud boʻlgani holda, hozir eng chekka qishloq va mahallalarda ham baland-baland zamonaviy turar joylar qurilyapti. Bu esa uy-joy muammosini hal qilishda salmoqli ahamiyatga egadir. Mazkur xonadonlarning 20-30 foizi kam taʼminlangan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dagi ehtiyojmandlarga, nogironligi boʻlgan shaxslarga imtiyozli taqdim etilayotgani tarixda boʻlgan emas. Imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, sportda, ilmda, fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan iqtidorli yoshlarimizga yangi uylar kaliti topshirilayotgani esa diyorimizdagi insonparvarlik tamoyilining yorqin isbotidir.

Keyingi yillarda Namangan viloyatida korxonalar soni ikki barobar ortib, 800 mingdan ziyod tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Bugun viloyatimizdagi har bir mahallada oʻnlab (xususiy, oilaviy, yakka tartibdagi) katta-kichik korxonalar paydo boʻlib, aholining katta qismi tadbirkorlikdan daromad topmoqda. Daromaddan olinadigan soliq yuki sezilarli kamaytirildi. Qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 foizga tushirildi.

Kredit hajmini oshirish, foizini tushirish tadbirkorlar kutayotgan yangilik edi. Prezidentimizning kelgusi 7 yilga moʻljallangan saylovoldi dasturida chet el banklarini yurtimizga olib kirish, yangi xususiy banklar ochishni ragʻbarlantirish hamda depozitlarni kengaytirish hisobiga kreditlar uchun resurs bazasini koʻtarish koʻzda tutilgan. Har bir tumanda kamida 1000 ish oʻrni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonasi tashkil etiladi. Qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish shartlari 15 tadan 5 taga qisqartiriladi.

Bir paytlar tadbirkorlarimiz faoliyat boshlash uchun moliyaviy koʻmak olish maqsadida banklar eshigida kunlab, oylab sargʻayardi. Endi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun shunday sharoit yaratilganki, bank xodimlari bilan birgalikda barcha darajadagi rahbarlarimiz mahallalarda, xonadonlarda boʻlib, ishbilarmonlarga har tomonlama yordamlashmoqda.

Moliyaviy yetishmovchiliklar, naqd pul muammosi, plastik kartasidagi mablagʻlarni naqdlashtirish nafaqat tadbirkorlarni, balki barcha kasb egalari, shu jumladan, pensioner nuroniylarni ham tashvishga solgan davrlar ortda qoldi. Bugun eng olis qishloq va mahallalarda ham bank shoxobchalari, tunu kun ishlaydigan bankomatlar elimiz xizmatida. Ajratilayotgan subsidiya, kredit va boshqa moliyaviy koʻmaklar faqat insonlar manfaati uchun, ularning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun yoʻnaltirilganini har birimiz toʻliq his qilyapmiz.

Bugun “Inson qadri uchun” tamoyili jazoni ijro etish muassasalariga ham kirib bordi. Yaqinda Pop tumanidagi shunday muassasada tashkil etilgan saylovoldi uchrashuv menda oʻzgacha taassurot uygʻotdi. Prezidentimiz faoliyati va yaqin 7 yillik muddatda amalga oshiriladigan dasturni jazo muddatini oʻtayotgan shaxslar katta qiziqish bilan qabul qildi. Garchi, bilib-bilmay qilgan jinoyati uchun jazo oʻtayotgan boʻlsa-da, ularning koʻzlaridan oʻz Prezidentini saylashdek imkoniyat yaratilganidan benihoya xursandligini, oʻz navbatida, Oʻzbekistonimizning ravnaqi va xalqimiz baxtu saodati uchun xizmat qilishdek ezgu ishlardan qisman mahrum ekanidan oʻkinch alomatlarini koʻrish mumkin edi.

Saylovchilar bilan muloqotlarda joylardagi mavjud kamchiliklar, xalqimizni ranjitayotgan holatlarni bartaraf etishga doir adolatli taklif va mulohazalar bildirildi. Uchqoʻrgʻon tumani “Sanoat” MFY fuqarosi Magʻfirat Rahimova moddiy yordam soʻraganida shu yerning oʻzida tuman mutasaddilari masalaga ijobiy yechim topdi.

Odamlar ichimlik suv taʼminoti, elektr tarmoqlarini yangilash, maktabgacha taʼlim va maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yoʻllarni shagʻallash, asfaltlash kabi masalalarni ochiq-oydin aytgani saylovoldi targʻibot jarayonining qanchalik shaffof tashkil etilganini namoyish etish barobarida Prezidentlikka eng munosib nomzodni tanlashda xalq ishonchini kuchaytirdi.

Joriy yil 14-iyul kuni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati qoʻshma yigʻilishida qayta saylangan davlatimiz rahbari nutqini katta hayajon va diqqat bilan tinglar ekanman, Oʻzbekiston kelajagi va xalqimizning baxtu iqboli ishonchli qoʻlda ekaniga yana bir bor amin boʻldim.

Tantanali yigʻilishda bir olam taassurot, yangicha nazar va ulkan maqsadlar butun vujudimni qamrab olgandek edi goʻyo. Ertasigayoq Chortoq tumanidagi Oqterak mahallasida “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat, tuman, shaharlardagi masʼullari, faol nuroniylar, yoshlar vakillari ishtirokida maʼnaviy tadbir uyushtirildi. Asosiy mavzu Prezidentimizning oʻz lavozimiga rasman kirishishiga bagʻishlangan marosimda soʻzlagan tarixiy nutqi mazmun-mohiyati boʻldi. Maʼruzaning mazmun-mohiyatini gapirib berar ekanman, jamiyatimizning turli qatlamlariga alohida-alohida murojaat etilgani, ayniqsa, nuroniylarga atalgan quyidagi qaydlarni gʻurur-iftixor bilan tilga oldim: “Men bilan bir safda sizlardek aziz qadrdonlarim, duogoʻy otaxon va onaxonlarimiz, azamat aka-ukalarimiz, mehribon opa-singillarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz borligi menga bitmas-tuganmas kuch-gʻayrat, ruh va ilhom beradi”.

Tadbirda Chortoq tumani Damariq mahallasining “Keksalar maslahati” guruhi rahbari, birinchi darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni sohibi Abdullajon Oʻrinboyev taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Shahzoda Abduhamidova, “Kitobxon – 2023” respublika koʻrik-tanlovi gʻolibi, oilasiga “Spark” avtomobilini keltirgan Zamira Abdullayeva Prezident saylovida nuroniylar va yoshlarning har taraflama ibrat koʻrsatgani hamda davlatimiz rahbari nutqidagi muhim jihatlarga qisqacha toʻxtaldi. Qizlarimizning hayajonli soʻzlarini eshitar ekanman, beixtiyor davlatimiz rahbarining farzandlarimizga qarata aytgan gapi qulogʻim ostida jarangladi: “Yoshlik – gʻanimat, vaqt – gʻanimat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga oʻz soʻzingizni ayting! Izlanish va intilishdan aslo toʻxtamang!”

Prezidentimizning oʻtgan davrdagi tegishli farmon va qarorlari nuroniylarni eʼzozlash, orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish va ijtimoiy faolligini oshirishda keskin burilish davriga asos boʻldi.

Birgina joriy yilning olti oyida “Nuroniy” jamgʻarmasi koʻmagi bilan viloyatimizdagi 243,5 ming nuroniyni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning niyat-maqsadlarini roʻyobga chiqarish va ijtimoiy faolligini oshirish uchun talaygina ishlar bajarildi. Viloyat va tuman (shahar)lardagi 15 nafardan iborat Nuroniylar jamoatchilik kengashlari va 788 MFYdagi “Keksalar maslahati” guruhlari tarkibi qayta koʻrib chiqildi hamda tajribali va tashabbuskor nuroniylar hisobiga mustahkamlandi. Shu yilning oʻtgan davrida nuroniylar ishtirokida 20 ming 650 dan ziyod maʼnaviy-maʼrifiy va sport tadbiri tashkil etildi.

Bugun piru badavlatlarimiz ham zamon ruhi va shiddatiga mos ravishda yashamoqda. “Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul” tamoyiliga muvofiq, 788 mahalladagi 1666 nuroniyga 16 ming 660 uyushmagan va muammoli yosh, ijtimoiy muammosi boʻlgan oilalarni biriktirgan holda tarbiyaviy ishlar va maʼnaviy-maʼrifiy loyihalar, yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi. Pirovardida bugungi kunga qadar 12 mingga yaqin yosh bekorchilikdan va yomon qilmishlardan qaytib, toʻgʻri yoʻlga tushib oldi.

“Nuroniylar har bir oilaga masʼul” loyihasi asosida muammoli 1228 oilaga koʻpni koʻrgan otaxonu onaxonlar biriktirilib, mavjud ijtimoiy muammolarni hal etish, oilalarni mustahkamlash choralari koʻrildi. Targʻibot ishlari orqali hamkor tashkilotlar bilan koʻplab masalalar ijrosiga koʻmaklashildi, 452 oila ajrashishining oldi olindi. Biriktirilgan oilalarning 651 tasi yoki 53 foizida ijtimoiy barqarorlik taʼminlandi. Jumladan, Pop tumani “Yangi toʻda” MFYda yashovchi I.Mamadaliyev oilasidagi kelishmovchilik “Keksalar maslahati” guruhi aʼzolari aralashuvi bilan bartaraf etildi.

Nuroniylar jamoatchilik kengashi va mahallalardagi “Keksalar maslahati” guruhlari 25 mingta jamoatchilik nazorati tadbirlarini oʻtkazdi. Bunda asosiy eʼtibor nuroniylarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, aholining ijtimoiy sohadagi muammolari, jumladan, oziq-ovqat va dori-darmon narxlari sunʼiy oshishi va maktablarda oʻquvchilar davomati, tadbirkorlik faoliyati, bandlik, tomorqadan foydalanish, mavjud resurslar (tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv), “Yashil makon” umummilliy harakati doirasidagi ishlarga qaratildi. Jumladan, shu yil 2-iyunda Pop tumanidagi Gʻurumsaroy qishlogʻida transport xizmati koʻrsatishdagi yoʻlkira haqi oʻrganildi. Oʻrganish yakunlarini “Gʻulomjon lider-trans” AJ taʼsischisi Jasurbek Gʻulomov nazoratga olib, yoʻlkira bahosi 5 ming soʻmga tushirildi.

“Ikki til, bir kasb” tamoyili boʻyicha yangi joriy etilgan uslubda yoshlarning hunar oʻrganishi va chet tilni oʻzlashtirishi qoʻllab-quvvatlandi. Namangan shahridagi 7, Yangiqoʻrgʻon tumanidagi 10-umumtaʼlim maktablari tajribasini ommalashtirish rejasi ishlab chiqildi.

“Nuroniy” jamgʻarmasi tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi va boshqa manfaatdor idora, tashkilotlar hamkorligida joriy yilning 1-iyuligacha faxriy nuroniylar, oʻrta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirokida 3381-marta “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri tashkil etildi va 137,3 ming nuroniy, oʻrta avlod vakili hamda 210,7 ming yigit-qiz qamrab olindi. Tadbirlar saviyasi va taʼsirchanligini taʼminlash uchun “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi tomonidan maqsadli mablagʻ (34 million soʻm) ajratildi. 23-iyun kuni Pop tumani “Mirishkor” MFYdagi N-harbiy qismdagi “Uch avlod uchrashuvi” koʻtarinki ruhda uyushtirilgani bilan yodimizga muhrlandi. “Vatanni ardoqlaymiz” mavzusidagi mazkur maʼnaviy tadbirda 45 nuroniy va oʻrta avlod vakillari, 150 dan ortiq yosh jamlandi.

Sport inshootlarida jismoniy tarbiya bilan shugʻullanayotgan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj nuroniylarning 10,1 million soʻmlik xarajatlari jamgʻarma hisobidan qoplab berildi. Tuman (shahar)larda kasb-hunarga ega boʻlmagan, ishsiz va uyushmagan yoshlar bilan faxrli yutuqlarni qoʻlga kiritgan sportchilar, fan olimpiadasi gʻoliblari hamda oʻzini oʻzi ish bilan band etgan nogironligi boʻlgan fuqarolar “Matonat va jasorat” tadbirlariga jalb etildi. Kam taʼminlangan va ehtiyojmand nuroniylarga 86,4 million soʻmlik, faol faxriylarga esa 14,2 million soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi va ragʻbatlantirildi.

Ramazon oyi munosabati bilan kam taʼminlangan 403 nafar nuroniyga 40,3 million soʻmlik moddiy yordam ajratildi. Xotira va qadrlash kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan keksalarning har biri moddiy ragʻbatlantirildi. Joriy yil boshidan ayni paytgacha 42 ming 830 nuroniy viloyatimiz va Oʻzbekistonning tarixiy shaharlariga sayohatga bordi. “Nuroniy” jamgʻarmasi mablagʻi evaziga oʻzgalar parvarishiga muhtoj va yakka-yolgʻiz 832 nafar nuroniy Fargʻonadagi “Beshchashma” sihatgohida imtiyozli dam oldi. 2022-yilda ular soni 64 nafar edi.

Bu kabi misollarga nima uchun murojaat qildik? Ayrim tashvishli va murakkab vaziyatlarni eslab, bugun bilan taqqoslar ekanman, beixtiyor koʻzimga yosh keladi. Ochigʻi, 2004-2005-yillarda nafaqalarni moliyalashtirishga mablagʻ yetishmasdi. Buni moliyalashtirish Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi zimmasiga yuklatilgan boʻlsa-da, asosiy yuk viloyatlar tushumlariga bogʻlanib qolgandi. Oʻshanda viloyat hokimi edim. Oʻzini oʻzi qoplaydigan viloyatlar nisbatan yaxshi sharoitda boʻlib, Namangan va dotatsiyadagi yana bir qator viloyatlarda pensiya uchun mablagʻlarni moliyalashtirish qiyin kechardi. Holatni tartibga soluvchi idoralar eshigini taqillatib, iltimos qilishga majbur edik. Pensiya oluvchilarga naqd pul topish esa bundan ham mushkul edi. Shoshma-shosharlik bilan plastik kartalarni muomalaga kiritish nuroniylarni sarson-sargardon etganini unutib boʻlmaydi. Toʻgʻri-da, pensiyani ikki-uch oylab kechikib olsa va plastik kartasiga tushirilgan shaxsiy mablagʻini 15-17 foiz zarariga naqdlashtirsa, bu har qanday insonning nafsoniyatiga tegadi, alami keladi.

Ming shukrki, 2017-yilning fevralidan boshlab shu muammolar butunlay bartaraf etildi. Endilikda viloyatimizdagi 350 mingdan ziyod pensiya va nafaqa oluvchiga har oy boshida kechiktirilmasdan pul toʻlanmoqda. Ular oʻz pullarini xohishiga koʻra, naqd shaklda yoki plastik kartalar orqali olishi mumkin. Qolaversa, eng chekka qishloqlarda ham bankomatlar va zamonaviy savdo komplekslari ertayu kech ishlab turibdi.

Tagʻin bir muammoni aytmasam boʻlmaydi. Toʻgʻri, avvallari ham qurilish va ishlab chiqarish, ijtimoiy obyektlar barpo etish yuzasidan dastur va rejalar boʻlar edi. Biroq koʻp hollarda ularning moliyaviy manbalari boʻlmaganidan ayrim chora-tadbirlarni bajarish yarim yoʻlda qolar yoki umuman boshlanmas edi. Ayniqsa, aholiga uy-joy qurishga yetarli eʼtibor berilmas, qurilayotgani ham markazlashgan mablagʻlar kamligi bois korxona va tashkilotlar hisobidan yoki yirik foizli bank krediti bilan uy qurishga koʻnikilgandi.

Soʻnggi yillarda barcha sohalarda ulkan bunyodkorlik va yaratuvchanlik dasturlarini qabul qilish barobarida ularning moliyaviy manbalari ham aniq-tiniq belgilanmoqda. Koʻp qavatli uylar keng koʻlamda va sifatli qad rostlayapti, qurilish industriyasi taraqqiy etdi, yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Ipoteka kreditlari rivojlandi. Ozodlik, obodlik, farovonlik va qulay tadbirkorlik muhiti tufayli ichki va tashqi investitsiya hajmi, shunga mos ravishda turizm jozibadorligi ham karrasiga oʻsmoqda.

Fursatdan foydalanib, qadrli jurnalist va blogerlarimizga rahmat aytmoqchiman. Xayriya-saxovat tadbirlarimiz boʻladimi yoki saylov jarayonidagi nuroniylar ibratimi, umuman, qizgʻin faoliyatimizni respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari muntazam yoritib kelmoqda. Shunga qaramay, muvaffaqiyatlarimiz bilan hech qachon xotirjamlikka berilmasligimiz lozim. Ular tarix zarvaraqlariga muhrlandi. Yangi marralar sari dadil qadam tashlamiz kerak. Shundagina xalqimizni rozi qilishimiz mumkin.

“Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori” degan shior bugundan boshlab hayotimiz qoidasiga, har qaysi rahbarning, barcha xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shart”, dedi Prezidentimiz.

Bu hayotiy daʼvat xalqimiz mustaqilligimizning oʻttiz ikki yilligini munosib nishonlashga tayyorgarlik koʻrayotgan shu kunlarda yanada ulugʻvorlik kasb etadi. Boisi, Prezidentimizning joriy yil 27-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun!” bosh gʻoyasi tanlangani barchamizni yangi marralar sari chorlaydi. Bunda har bir kunning qadriga yetish, imkoniyatlardan unumli foydalanish qanchalik muhimligini davr shiddati va islohotlar ruhi ham anglatib turibdi.

Bugungi Oʻzbekistonimiz yangi taraqqiyot choʻqqilari tomon intilmoqda, bu yoʻlda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlik va fidoyilik koʻrsatish orqali oldimizga qoʻyilgan buyuk maqsadlarga erishamiz. Ikkilanish, qoʻrquv va umidsizlik boʻlmasligi darkor, endi ortga qaytish yoʻq, faqat olgʻa yuramiz!

Xalqimizni Yaratganning oʻzi asrasin, duogoʻy otaxon-onaxonlarimizning ezgu niyatlari ushalaversin, rohat-farogʻatda, dorulomon damlarda umrguzaronlik qilishlariga tilakdoshmiz.

Ikromxon NAJMIDDINOV,

“Nuroniy” jamgʻarmasi Namangan viloyati boʻlimi raisi,

Oliy Majlis Senati aʼzosi