Prezidentimizning 27–28-iyul kunlari qishloq xoʻjaligi va sanoatdagi yirik loyihalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda mahallalar hayoti bilan tanishish maqsadida Fargʻona viloyatiga qilgan safari xayrli ishlar, samimiy muloqotlarga boy boʻlganligi bilan esda qoldi.

Amaliy tashrif va muloqotlar yakuniga yetganidan buyon bir necha kun oʻtgan boʻlsa-da mehnat jamoalari, mahallalardagi katta-kichik davralar, oilaviy dasturxon atrofida Prezident tashrifi tafsilotlari, taassurotlari haqidagi suhbatlar, eʼtiroflar bir dam boʻlsa-da toʻxtagani yoʻq. Bu bejiz emas, albatta.

Eng muhimi, bugungi har bir islohot, avvalo, inson qadr-qimmati, shaʼnini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganligini alohida taʼkidlash lozim. Joylarda keng koʻlamda quloch yozib, xalq roziligi yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar oddiy odamlar hayotiga kirib bormoqda.

Osmon uzum, yer uzum

Prezidentimiz uzumzorimizga kelib ketganidan buyon qaysi davra, toʻy, maʼrakaga borsam boʻlib oʻtgan uchrashuv haqida soʻrashadi. Suhbat taassurotlarini aytib charchamayman. Albatta, bu men uchun katta faxr boʻlish bilan birga, zimmamga masʼuliyat ham yuklaydi. Endi yanada koʻproq ishlash, izlanishlar talab etayotganini his qilyapman.

Fermer xoʻjaligimiz ish tajribasi bilan yaqindan tanishish istagida boʻlgan hamyurtlarimiz safi kundan kunga kengayib bormoqda. Kuni kecha Fargʻona viloyatida uzum yetishtirishda Oltiariq tajribasini joriy etish boʻyicha koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi. Unda tegishli vazirliklar, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan soha masʼullari, barcha viloyatlarning hokim oʻrinbosarlari, tuman hokimlari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, tadbirkorlar ishtirok etib, uzumchilikda   Oltiariq tajribasini joriy qilish, tokzorlarni koʻpaytirish boʻyicha amaliy ishlar bilan tanishdi.

Keyingi yillarda meva-sabzavotchilik sohasini yanada rivojlantirish, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, ommalashtirish borasida boshlangan ishlar oʻz samarasini berdi. Xususan, biz yashab turgan Oltiariq tumanida ham uzumchilikni rivojlantirish, eksport salohiyatini oshirish boʻyicha koʻplab ishlar qilinmoqda.  

Prezidentimizning meva-sabzavotchilik sohasida qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish, uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi qarori hamda bu sohani rivojlantirish borasidagi sayʼ-harakatlaridan ruhlanib, 2020-yilda umumiy maydoni 75 gektardan iborat boʻlgan uzumchilik plantatsiyasini barpo qildim. Bu yerda “husayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “mersedes” kabi uzum navlari yetishtirilmoqda. Ular kelgusi yildan toʻliq hosilga kiradi va mavsumda 3 ming tonnadan ortiq uzum yetishtiriladi.

Bizning amaliy ishlarimiz bilan yaqindan tanishish maqsadida Yurtboshimizning bogʻimizga kelgani nafaqat menga, balki butun fargʻonaliklarga cheksiz quvonch bagʻishladi. Boisi, Prezident tashrifi davomida xalqning quvonchu shodliklariga sherik boʻlish bilan birga, odamlarni oʻylantirayotgan muammolarga ham yechim topiladi. Bunga shaxsan oʻzim guvoh boʻldim. Toʻgʻrisini aytsam, Prezident bilan yuzma-yuz gaplashishni xayolimga ham keltirmagan edim. Ming shukurki, bugun yurt otasi bilan dildan suhbatlashish baxtiga muyassar boʻldim.

Suhbatimiz davomida biz, tadbirkorlarning kelajagini, shu bilan birga, yetishtirayotgan mahsulotlarimiz bozorini, eksportini koʻpaytirish, qoʻllab-quvvatlash uchun nimalar qilish kerakligi haqida bergan savollari hamda koʻrsatmalaridan boshim osmonga yetdi. Davlatimiz rahbarining samimiyligi suhbatimizga oʻzgacha shukuh bagʻishladi, bundan qalbim cheksiz faxr-iftixorga toʻldi. Teran nigohi, samimiyligi va bizga boʻlgan ishonchi meni hayratga soldi. Kelgusida, albatta, menga bildirilgan ishonchni oqlash va Vatanimiz iqtisodiyotiga yanada koʻproq hissa qoʻshish yoʻlida astoydil mehnat qilaman.

Isaqjon BOYMATOV,

Oltiariq tumanidagi “Xayrullo Bahrom

Boymatov” fermer xoʻjaligi rahbari.

Hayotimning yangi davri boshlandi

Davlatimiz rahbarining Fargʻona viloyatiga qilgan tashrifi haqida ommaviy axbrot vositlari, ijtimoiy tarmoqlardagi tezkor maʼlumotlar bilan tanishib turgandim. Menga: “Tugʻilib oʻsgan uyingizga Prezident kelarkan”, deyishdi. Ochigʻi, avvaliga bunga uncha ishonmadim. Axir, chekka qishloq, oddiy bir oila xonadoniga mamlakat rahbarining kelishi moʻjiza-ku!

Katta hayajon bilan ota uyimga yetib bordim. Ota-onam boshchiligida barcha oila aʼzolarimiz martabali mehmonni intiqib kutishayotgan ekan. Nihoyat, biz kutgan moʻjiza real hayotga koʻchib, davlatimiz rahbari hovlimizga kirib keldi. Otajonim va onajonim bilan samimiy koʻrishdi. Hovlimizga kelgan mahalladoshlarimiz va nuroniylar bilan ham dildan suhbat qurdi. Aholining kunlik turmush tarzi, oʻy-qarashlari, orzu maqsadlari bilan qiziqdi. Shu pallada xayolimda “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” tamoyili asosida olib borilayotgan olamshumul islohotlarning meʼmori boʻlgan Prezidentimizga minnatdorchilik bildirib qoʻyish istagi paydo boʻldi. Tabiiyki, katta hayajon bilan oʻzimning kasbimdan kelib chiqib, taʼlim, jumladan, maktabgacha taʼlim sohasiga katta eʼtibor berayotganligi uchun barcha ustozlar nomidan minnatdorchilik bildirdim. Dil izhorimni samimiy qabul qilgan Yurtboshimiz kutilmaganda: “Orzuingiz nima?” deb soʻrab qoldilar. Men Qoʻqon davlat pedagogika institutining maktabgacha taʼlim yoʻnalishida sirtdan oʻqish niyatim borligini, biroq hozircha orzuim ushalishi uchun ish stajim ozgina yetmayotganini, stajim yetishi bilan oliy taʼlim olmoqchi ekanligimni aytdim. Keyingi jarayonlarni soʻz bilan ifodalay olmayman. Menga oʻz sevgan kasbim boʻyicha oliy taʼlim yoʻnalishida oʻqish uchun   imkoniyat yaratib berganligini eshitib koʻzimga quvonch yoshlari keldi. Shunday mehribon, oliyjanob va samimiy Prezidentimiz borligidan farxrlanib ketdim. Bu hayrat, his-hayajon kunlar oʻtsa-da qalbimni tark etgani yoʻq. Qoʻni-qoʻshni, hamkasb dugonalarim Prezident bilan boʻlgan muloqot haqida soʻrashsa, toʻlqinlanib hanuz yigʻlab yuboryapman. Axir bu kun hayotimda yangi imkoniyat, yangi sahifalar ochgan moʻjizaviy kuni sifatida bir umr esimda qoldi.

Davlatoy QOʻRCHIYEVA,

      Bagʻdod tumanidagi 23-DMTT tarbiyachisi.

           

Mahallamiz eng obod maskan boʻladi

Qishlogʻimizga mamlakatimiz Prezidentining tashrifi koʻhna maskanga yangi hayot, farovonlik olib keldi. Mahallamizdagi 636 ta xonadonda 3 mingga yaqin aholi yashaydi. Mahallamizning oʻsish nuqtasi – dehqonchilik, chorvachilik, tikuvchilik. Keyingi yillarda mahalla fuqarolar yigʻinlari ish samaradorligini yaxshilash orqali aholi farovonligini oshirish, turmush tarzi uchun muhim boʻlgan shart-sharoitlar yaratib berish yoʻlida olib borilayotgan amaliy islohotlar bizning mahallada ham boʻy koʻrsatmoqda. Eski, guvalak devorli uy-joylar oʻrnida yangi meʼmoriy yechimga ega boʻlgan zamonaviy binolar, xizmat koʻrsatish tarmoqlari qurildi. Yozda chang, qishda loyga botgan koʻchalarni shagʻallashtirish, asfalt yotqizish borsida olib borilayotgan ishlar koʻlami kundan kunga kengayib bormoqda. Shu kunga qadar 4 kilometrdan ortiq ichki yoʻllar asfaltlandi, koʻcha chiroqlari oʻrnatildi, 600 metrdan ortiq toza ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Har bir murojaat, muammo mahalla bilan bamaslahat hal etib kelinyapti. Keyingi ikki yilda mahallamizda jinoyatchilik bilan bogʻliq salbiy holatlar qayd etilgani yoʻq.

Prezidentimiz mahalladoshlarimiz bilan qilgan samimiy muloqotida aholi kundalik hayot tarzi uchun kerakli boʻlgan munosib shart-sharoitlar yaratib berish, bandligini taʼminlash, mavjud muammolarga bargalikda yechim topish xususida aytgan fikrlari, takliflarini tinglab yangi Oʻzbekistonimizda el aziz, inson aziz ekanligiga yana bir bor amin boʻldim. Muloqot jarayonida davlatimiz rahbarining “Mendan qanday yordam kerak” degan gaplarini eshitib gʻururlanib ketdim. Hududimizdagi 22-umumtaʼlim maktabiga qoʻshimcha bino qurish kerakligi haqida aytgan taklifim Prezidentimiz tomonidan qoʻllab-quvvalanib, yangi bino qurish borasida boshlangan ishlari xalqimiz qalbiga gʻurur-iftixor bagʻishladi. Eng muhimi, bu ulkan amaliy tashrif kattayu kichik koʻnglini charogʻon qildi, yangi maqsad va marralar sari dadil qadam tashlashga daʼvat etdi.

Sohibjon AKBAROV,

  Bagʻdod tumanidagi “Xitoy”

mahala fuqarolar yigʻini raisi.

***

Sirasini aytganda, bugun kim bilan suhbatlashmang, yurt taraqqiyoti, el farovonligi yoʻlida amalga oshirilayotgan yangilanish, oʻzgarishlardan mamnun ekanligini taʼkidlaydi. Chunki, yangi Fargʻonaning har bir tongi, har bir kuni shiddatli bunyodkorliklarga boy. Asosiysi, odamlar hayotdan rozi boʻlib, yurtimiz ravnaqi yoʻlida astoydil mehnat qilmoqda, nuroniylarimiz dilida shukronalik mujassam.

                                                  Rasuljon KAMOLOV,

                                              “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.