Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muqaddam firibgarlik jinoyati bilan sudlangan, Samarqand shahrida yashovchi 35 yoshli jinoiy guruh rahbari MCHJ tashkil etgan. U jamiyatga 24-25 yoshli qizlarni ishchi sifatida yollagan. Ularning rejasiga muvofiq, uyushgan guruh a’zolarini MCHJning Samarqand hamda Jizzax shahridagi filiallariga mas’ul shaxs etib tayinlagan.
Go‘yoki ular o‘zini Green Card'dan yutuq chiqqan qiz sifatida tanishtirib, pullarni qo‘lga kiritgan va pullarni guruh rahbariga yetkazib turishgan.
Jabrlangan fuqaroning aytishicha, guruh rahbari Green Card yutgan qizlar bilan nikoh guvohnomasi qildirib, viza olish uchun barcha hujjatlarni to‘g‘rilab berishni va’da qilgan.
Qolaversa, yutuq chiqmagan fuqarolarga yutuq chiqqanini aytib, qarz shartnomasi, xizmat ko‘rsatish shartnomasi va shunga o‘xshash soxta shartnomalarni tuzgan. Fuqarolarga aviachipta olib berish, AQSH elchixonasidan viza olish uchun qo‘lga kiritilgan pullarni MCHJning hisob raqamiga kirim qilgani to‘g‘risida soxta taklifnomalar ko‘rsatgan.
Jinoiy guruh jizzaxlik 19 nafar, samarqandlik 45 nafar jabrlanuvchilarning jami 4 mlrd so‘mini qo‘lga kiritgan va o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatib yuborgan.
Ushbu holat JIB Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Guruh a’zolarining ayrimlariga nisbatan 9,9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, jinoiy guruhdagi 3 nafar qiz esa 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.