Samarqandda ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida umumjamoa hisobida qizlar oʻrtasida Qashqadaryo vakillari 1-oʻrinni egallagan boʻlsa, oʻgʻil bolalar oʻrtasida Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi tarbiyalanuvchilari eng koʻp medallarga ega chiqdi.
Murosasiz bahslar yakuniga koʻra, 17 yoshgacha boʻlgan ogʻir atletikachilar orasida milliy rekordlarimiz yangilandi. Jumladan, 40 kilogrammli qizlar bahsida qashqadaryolik Munisa Odilova dast va siltab koʻtarishda ham, ikki kurash natijasiga koʻra ham birinchi oʻrinni egalladi. Siltab koʻtarishda 62 kilogramm toshni boʻysundirib, yangi Oʻzbekiston rekordini oʻrnatdi.
40 kilogramm vaznda oʻtgan yilgi rekord buxorolik Sarvinoz Koʻpaysinovaga tegishli edi. Bu gal uning 60 kilogramm koʻrsatkichini Munisa ikki kiloga yaxshilashga erishdi.
Shuningdek, 81 kilogramm ogʻirlikda supachaga chiqqan andijonlik Lola Abdurashidova umumiy holatda yetakchilikni qoʻlga kiritib, siltab koʻtarishda 105 kilogramm, ikki kurash natijasida 190 kilogramm toshni koʻtardi. Ushbu ogʻirlikda oʻtgan yili buxorolik Hushnoza Xoliqovaga tegishli rekordlarni yangiladi.
Chempionatda qatnashgan oʻsmirlar oʻrtasida jahon va qitʼa chempionatlari sovrindori Diyor Ermatov 89 kilogrammda hamon yetakchi ekanligini namoyish qildi. U 137/165/302 koʻrsatkich bilan taʼqibchilarini 10 kilogramm holatida ortda qoldirdi. Oʻsmirlar oʻrtasida oʻtgan yilgi Osiyo chempioni, surxondaryolik Madina Fayzullayeva ham chempionlik yoʻlida sobitligini isbotladi.
Shiddatli va murosasiz bahslar natijasida oʻgʻil bolalardan Javlonbek Mirhokimov, Asadbek Fazliddinov, Akbar Begmatov, Botir Paraxatov, Umatilla Rustambekov, qizlardan Zulfiya Ramazonova, Charos Oʻrolova, Shahnoza Jabborova, Marjona Abdumutalova, Rayhona Nurniyozova, Madina Fayzullayeva, Madonna Karimova ham gʻoliblik shohsupasidan joy oldi. Aynan ushbu oʻsmirlar orasidan saralanganlar joriy yil mart oyida Albaniyada oʻtadigan Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
Sportchilarning koʻrsatkichlariga koʻra, oʻgʻil bolalar orasida umumjamoada sovrinli oʻrinlar Xorazm va Samarqand vakillariga, qizlar oʻrtasida esa Xorazm va Navoiy jamoalariga tegishli boʻldi.