Ogʻiz hidlanishi qanday xastalik? Uning kelib chiqish sabablari nimalardan iborat? Shu kabi savollarga oliy toifali stomatolog-shifokor Mirafzal Irxanov javob berdi.

— Ogʻizdan noxush hid kelishi galitoz holatidir. Katta yoshdagilarning har toʻrttadan bittasida esa galitoz doimiy tarzda kuzatiladi. Koʻpincha odam noxush hidga tez koʻnikadi va keyinchalik uni umuman sezmaydigan boʻlib qoladi.

Muammodan xabari borlar esa odamlardan oʻzini olib qochishga urinadi yoki ruhan tushkunlikka berilishi ham mumkin. Ogʻizda noxush hid paydo boʻldimi, zudlik bilan uning sababini aniqlash va davo choralarini qoʻllash lozim.

— Galitoz holatiga nimalar sabab boʻladi?

— Ovqat qoldiqlari tishlar, milklar, milk chetlari va tilda yashovchi bakteriyalar taʼsirida chirib, yoqimsiz hid chiqaradi. Tish toshlari va bakteriyalarning juda koʻpligi, tish protezining unchalik toza boʻlmasligi ham galitozga olib kelishi mumkin.

Baʼzi dorilarni ichish soʻlak bezlarining kasallanishiga sabab boʻladi, buning oqibatida esa ogʻiz qurishi yuzaga keladi. Bunda ogʻiz boʻshligʻida soʻlak yetishmaydi, qarabsizki, ogʻizdan yoqimsiz hid anqiydi.

— Qaysi mahsulotlar sabab ogʻizdan noxush hid kelishi mumkin?

— Tishlaringiz tozaligidan yarqirab ketgan, tilingiz ham haqiqiy musaffolikdan bahramand boʻlishiga qaramay, noxush hid sizni hamon tark etmasligi mumkin. Bunga tanovul qilingan oziq-ovqatlar sabab boʻlishi mumkin.

Piyoz, sarimsoq piyoz yoki boshqa kuchli hidga ega ozuqalar isteʼmol qilinsa, 72 soatgacha ularning hidi inson nafasida seziladi. Kofe kabi ichimliklar ham noxush hidlarga sabab boʻladi. Shuningdek, tamaki chekish noxush hid va ogʻiz qurishiga olib keladi.

Agar ogʻzingizdan bot-bot noxush hid kelayotgan boʻlsa, odatda u biror xastalikning belgisi boʻladi. Shu bois, bunday vaziyatda oilaviy shifokorga murojaat qilishingizni tavsiya qilamiz.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.