Firibgarlik jinoyati bu oʻzgalar mulki yoki mulkka boʻlgan huquqiga tajovuz qilish. Bu tajovuz oʻzganing mulkini qonunga xilof ravishda oʻzlashtirish maqsadida jabrlanuvchini aldash yoki uning ishonchini suiisteʼmol qilish orqali amalga oshiriladi.
Bu jinoyat koʻpincha, aldov yoʻli bilan sodir etiladi. Bu mulkdorga yolgʻon maʼlumotlarni xabar qilish yoki haqiqiy faktlarni yashirish, masalan, yuridik fakt va voqealar boʻyicha, mulkning sifati narxi haqida, shaxsi boʻyicha yolgʻon maʼlumotlarni xabar qilish - masalan, oʻzini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida koʻrsatadi.
Bundan tashqari ishonchni suiisteʼmol qilish yili bilan ham amalga oshiriladi. Bu holatlarga, masalan, firibgarning xizmat mavqeyi yoki uning jabrlanuvchi bilan shaxsiy yoki qarindosh-urugʻlik munosabatlari sabab boʻladi.
Ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzganing mulkini oʻzlashtirish jinoyatini moliyaviy piramida misolida koʻrish mumkin. Moliyaviy piramidaga uchragan fuqarolar naqd pullarini yoki boshqa qimmatbaho narsalarini oʻz xohishlari bilan firibgarga topshiradi. Ushbu fuqarolarni jabrlanuvchi deyish ham notoʻgʻri, chunki ular tez orada boyib ketishni istaydi, pullarni ikki barobar qilib qaytarishga vaʼda bergan shaxs gʻayriqonuniy harakatlarni amalga oshirayotganligidan xabardor boʻlsada unga rozi boʻladi. Biroq xalq orasida shunday gap bor – tekin sir faqat qopqonda. Piramida qulaganda barcha pullar yoʻq boʻlib ketadi, ularni topshirgan odamlar zarar koʻradi. Moliyaviy piramida modelining shu kunga qadar mavjud boʻlganligi, va ehtimol, hech qachon yoʻq boʻlib ketmasligining sababini odamlarning tezroq boyib ketishni istashi, oson pul topishni maqsad qilishi bilan izohlash mumkin.
Tergovchi va sudyalarning fikri boʻyicha bunday jinoyatchi oʻzini tutishi, aql farosati, dunyoqarashi, fikrlash doirasi va xulq-atvori bilan boshqa turdagi gʻarazli jinoyatlarni sodir etuvchi (oʻgʻri, talonchi, bezori) shaxslardan farq qiladi. Firibgar jinoyatni sodir etishda barcha qobiliyatini ishlatib odamlarni oʻziga jalb qiladi, ularda oʻzlariga nisbatan ishonch va qiziqish uygʻotadi va odamlarni oʻziga tortishga, qiziqtirishga, oʻzini yaxshi koʻrsatishga usta boʻladi.
Sud amaliyoti shuni koʻrsatadiki, firibgarlik jinoyati aksariyat hollarda fuqarolarning nooʻrin istaklari natijasida sodir etiladi. Jabrlanuvchi shaxs firibgarga nisbatan oʻta ishonch va ochiq koʻngillik bildiradi, istagan maqsadlariga aylanma, noqonuniy yoʻl orqali erishishni xohlashadi va natijada oʻzlarini aldanib qolganini sezmay qoladi.
Shu sababli 2017-yil 11-oktyabrdagi Oliy sudi Plenumining “Firibgarlikka oid ishlar boʻyicha sud amaliyoti” toʻgʻrisidagi qarorida qator hollarda muayyan maqsadlariga qonunchilikda belgilangan tartibga rioya etmagan holda erishishni istagan jabrlanuvchilarning xulq-atvori firibgarlik sodir etilishiga shart-sharoit yaratib berayotganligini eʼtiborga olgan holda, surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar bunday gʻayriqonuniy harakatlarga nisbatan tegishli huquqiy baho berishlari, shuningdek, kelajakda firibgarlik holatlarining oldini olish uchun bunday harakatlardan kelib chiqqan oqibatlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishlari lozimligini toʻgʻri koʻrsatgan.
Qayd qilingan Oliy sud Plenum Qarori sudlarning eʼtiborini yana bir muhim holatga qaratgan. U ham boʻlsa amaliyotchilarni oʻylantiradigan masala ikki taraf oʻrtasida tuzilgan kelishuvidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslikda firibgarlik jinoyati mavjudmi, mavjud emasmi?
Misol uchun, ikkita shaxs oʻrtasida ogʻzaki kelishuv boʻlgan yoki qarz shartnomasi qonuniy rasmiylashtirilgan, ammo qarz oluvchi kelishilgan muddatda qarzni qaytarishdan bosh tortgan yoki ayrim obyektiv sabablarga koʻra (ogʻir kasalligi, sharoitlar oʻzgarishi va boshqa) majburiyatini bajara olmagan.
Bunday holda Plenum tushuntirib bergandek oʻzgalar mulkini egallashda qonunga xiloflik belgisi boʻlmaganligi tufayli firibgarlik deb baholanishi mumkin emas, chunki qarz kelishuv yoki qonuniy rasmiylashtirilgan shartnoma asosida berilgan, oʻzganing mulkini egallashga nisbatan qasd mavjud emas. Shu sababli shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik nizo sifatida baholanib ular faqat fuqarolik yoki iqtisodiy sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
Albatta sudlanganlikning ushbu koʻrsatkichlari mamlakatimizda sud-huquq tizimi xodimlari, keng jamoatchilik tomonidan olib borilayotgan targʻibot-tushuntirish ishlari natijasida kamaygan deb tushunish kerak, shu bilan birga firibgarlik jinoyati umumiy jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etadi. Shu sababli ushbu jinoyat kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz kerak.
Lekin hayot ham davom etmoqda, oʻzganing mulkini aldash va ishonchini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan oʻzlashtirishning turli usullari paydo boʻlmoqda.
Firibgarlikning har bir holati noyobdir. Shu bilan birga, odatda, har bir firibgarlikning holati – bu bir daqiqa yoki uzoq vaqtga choʻziladigan va bir necha aktyorlar ishtirokida oʻtkazilayotgan spektakl boʻlishi mumkin.
Ana shunday spektakllarga bizlarning xalqimiz tushib qolmasligi, va zarar koʻrmasligi uchun barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa tashkilotlar, avvalam bor fuqarolarning oʻzlari eʼtiborli boʻlishlari kerak.
Dilbar SUYUNOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti
Jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi
professori, yu.f.d.