Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori bilan Qoʻmita tomonidan qisqa muddat ichida bajarilishi lozim boʻlgan quyidagi vazifalar yuklatildi:
ikki oy muddatda:
markaziy apparat va hududiy boʻlinmalarning Qoʻmitaga yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir boʻlgan, zarur nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlar bilan tanlov asosida toʻldirish;
tarkibiy boʻlinmalar, shu jumladan mahalladagi xotin-qizlar faoli toʻgʻrisidagi nizomlar, shuningdek, xodimlarning lavozim yoʻriqnomalari tasdiqlanishini taʼminlash.
Hududiy boʻlinmalar oʻzlariga yuklatilgan funksiyalarga muvofiq belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
Qoʻmitaga tegishli vazifalarni amalga oshirish uchun, zarur hollarda, davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tuzish;
Qoʻmita vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari va tashkilotlaridan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa maʼlumotlarni soʻrash va olish;
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda oilani mustahkamlash borasidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi, ularni keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini koʻzlab sudlarga ariza (shikoyat) va daʼvolarni kiritish;
xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda oilani mustahkamlashga doir tashabbuslar bilan chiqish hamda takliflar kiritish.
Shuningdek, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi markaziy apparati va tizim tashkilotlarini malakali xodimlar bilan toʻldirish hamda ushbu jarayonni shaffofligini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi bilan Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oʻrtasida Qoʻmitaning markaziy apparati, hududiy boʻlinmalar, tizimdagi tashkilotlardagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish, xodimlarni boshqa lavozimga oʻtkazishda tanlov asosida saralab olish toʻgʻrisidagi Tartib imzolandi.
Qoʻmitaning markaziy apparatidagi mavjud 32 ta vakant lavozimlarga “Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali” (https://vacancy.argos.uz/) orqali tanlov eʼlon qilindi. Shundan, 30 tasi boʻyicha hujjatlar qabul qilish muddati tugadi, 2 tasi boʻyicha hujjatlar joriy yilning 11-mart kuniga qadar qabul qilinadi. Bugungi kunga qadar, mazkur lavozimlarga jami 1 187 nafar nomzodlardan (oʻrtacha 1 ta lavozimga 35 nafar nomzod) hujjatlar kelib tushgan. Hozirda ushbu nomzodlardan saralanganlari test va suhbat bosqichiga oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, Qoʻmitaning mahallalardagi xotin-qizlar faollari boʻyicha joriy yilning 9-mart kunidan boshlab 9 338 ta lavozimlar yuzasidan tanlovlar eʼlon qilindi. Ayni paytgacha 3 mingda ortiq nomzodlardan hujjatlar kelib tushgan.
Eslatib oʻtamiz, mahallalardagi xotin-qizlar faollari oila va xotin-qizlar bilan ishlash tajribasiga ega, shaxsiy fazilatlari bilan namuna koʻrsatgan, fidoyi va sadoqatli nomzodlar orasidan tayinlanadi. Tanlovga hujjatlar joriy yilning 15-mart kuniga qadar qabul qilinadi.