Prezidentning 2022-yil 1-martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-81-son Farmoni bilan Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi sifatida qayta tashkil etilgan hamda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tuzilmasiga oʻtkazilgan.

Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. U bilan quyidagilar belgilangan:

- Jamgʻarmaning maqsadi, asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari;

- Jamgʻarmani boshqarish, uning mablagʻlarini shakllantirish tartibi;

- Jamgʻarma mablagʻlarini taqsimlash;

- Jamgʻarma xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish shartlari;

- Jamgʻarma daromadlari va xarajatlari hisobining yuritilishi, Jamgʻarma tomonidan ajratiladigan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish tartibi.

Ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, shu jumladan nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Xususan, Jamgʻarma mablagʻlari yordamida quyidagi vazifalar hal etiladi:

- ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga moddiy yordam koʻrsatish;

- oilaviy va xususiy tadbirkorlikni, hunarmandchilikni tashkil etishda koʻmaklashish;

- mehnat bozorida talabgir boʻlgan kasblar boʻyicha bilim va koʻnikmaga ega boʻlishda koʻmaklashish.

Hujjat bilan Jamgʻarma Vasiylik kengashi tarkibi ham tasdiqlandi, u uning oliy boshqaruv organi hisoblanadi.

Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilandi:

- Qoʻmitaning hisob-kitoblariga muvofiq har yili 300 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar;

- vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;

- jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

- qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Hujjat Qonun hujjatlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 05.11.2022-yil 5-noyabrdan kuchga kirgan, deb xabar beradi “Norma”.